Namanganda bir-biriga nashida yuborgan aka-singil sudlandi
Jamiyat
−
13 iyul 2023
22001Namangan viloyati Mingbuloq tumanida aka-singil bir-biriga taqiqlangan mazmundagi nashida va boshqa aqidaparastlik g‘oyalari aks etgan videolarni yuborgani uchun sudlandi. Bu haqda Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, Mingbuloq tumanida yashovchi 23 yoshli M.A. sinfdoshi M.M. ta’sirida diniy mazmundagi taqiqlangan ma’ruza hamda videroliklar orqali internetda diniy da’vatlar bilan shug‘ullanuvchi qorilarning ma’ruzalarini eshitib, ular ta’siri ostida Suriyaga hijrat va jihod amallarini bajarish uchun ketmoqchi bo‘lgan. Lekin sinfdoshi M.M. u yerda fitnalar ko‘p ekanligi xaqida aytgach, borish fikridan qaytgan.
U 2021 yil may oyida ishlash maqsadida Rossiyaning Qozon shahriga borib, sartaroshlik bilan shug‘ullangan. Qozonda yurgan paytida Telegram va Instagram tarmoqlarida shaxsiy profillar ochib, yaqinlari – singlisi S.A., akasi B.A. va sinfdoshi O.Q.ga diniy mazmundagi taqiqlangan ma’ruza va videroliklarni jo‘natgan.
Sudlanuvchi M.A. sud zalida yuqorida keltirilgan diniy mazmundagi audio va video ma’ruzalarni yaqinlariga eshitib ko‘rishlari uchun yuborgani, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, yengillik berishni so‘ragan.
Sud M.A.ga jazo tayinlashda aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topgan.
U Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Shuningdek, M.A.ning 19 yoshli singlisi S.A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan hukm 14 aprel kuni e’lon qilingan. Sud hujjatlarida keltirilishicha, sudlanuvchi S.A. internet orqali “aqidaparastlik g‘oyalari aks etgan materiallarni tarqatib kelgan”.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga asosan, ushbu ma’ruzalar diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgani aniqlangan.
Sud majlisida S.A. diniy mazmundagi audioyozuvlarni akasi M.A.ga jo‘natgani, akasidan u yuborgan audioyozuvlarni o‘chirish haqida so‘raganida, M.A. O‘zbekistonga borguncha o‘chirmasligini aytganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng qilgan ishi xato ekanini tushunib yetgani, afsusda ekani va pushaymonligini aytib, suddan yengillik berishni so‘ragan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Shunga ko‘ra, qizga ikki yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Sud hukmiga ko‘ra, qiz yashash joyidan kechqurun soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 gacha chiqishi cheklangan.
Shu bilan birga, ushbu vaqt davomida quyidagi taqiqlar qo‘yilgan:
• ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;
• uni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash, ish yoki o‘qish joyini o‘zgartirmaslik;
• Namangan viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik;
• aloqa vositalaridan, jumladan, internetdan foydalanmaslik.
Bundan tashqari, unga tegishli bo‘lgan telefon aqidaparastlik materiallaridan tozalanib, davlat foydasiga musodara qilish, ayolga tegishli profillar tarmoqlardan o‘chirib tashlanishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida Telegram guruhida nashid tarqatgan yigit 3 yilga qamalgan edi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.