Namanganda ayol o‘ziga o‘t qo‘ygan vaqtda Norboyeva BMTda o‘zbek ayollari huquqi masalasida nutq so‘zladi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva kecha, 1 oktyabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida o‘tkazilgan Xotin-qizlar holati bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan (Pekin + 25) global sammitda nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi nomidan ishtirok etgan Norboyevaning nutqi o‘zbek tilida bo‘ldi va BMTning barcha rasmiy tillariga tarjima qilindi.

Yuqori darajadagi videokonferensiyada BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Bosh assambleyaning 75-sessiyasi raisi Folkan Bozkir, “BMT-Xotin-qizlar” tuzilmasi rahbari Fumzile Mlambo-Ngcuka, jahonning 173 dan ortiq mamlakati rahbarlari va vakillari, Tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari, jamg‘armalari va dasturlari ekspertlari, shuningdek, nodavlat xotin-qizlar tashkilotlari va fuqarolik jamiyati yetakchilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva majlisda so‘zga chiqdi. U ishtirokchilarni xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash va ularning davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarida belgilangan huquq va imkoniyatlarini, ayniqsa pandemiya davrida kengaytirish bo‘yicha mamlakatda so‘nggi yillarda qabul qilingan amaliy chora-tadbirlar va islohotlar bilan tanishtirdi.

Qayd etilishicha, Tanzila Norboyevaning nutqi tadbir ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Ular respublikada xotin-qizlar maqomini oshirish, ularning davlat siyosatini amalga oshirishdagi, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi ishtirokini kuchaytirish, shuningdek, qarorlar qabul qilish jarayoniga ularni jalb etish bo‘yicha respublikada ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlab, ularga yuqori baho bergan.

Forumning asosiy maqsadi mamlakatlar tomonidan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi (1995 yil) qoidalarining bajarilishini, gender tenglik, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish sohasida erishilgan yutuqlarni ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.

Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi 1995 yil 4-15 sentyabr kunlari Pekin shahrida (XXR) bo‘lib o‘tgan Xotin-qizlar holati bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan edi. Ta’kidlanganidek, Pekin Harakatlar platformasi xalqaro hujjat bo‘lib, unda davlatlar tomonidan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va targ‘ib qilish bo‘yicha majburiyatlar shakllantirilgan. Bugun Pekin Harakatlar platformasi gender tenglikka erishishga va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan siyosatning oltin standarti hisoblanadi. Unda qat’iy choralar ko‘rish zarur bo‘lgan 12 ta muhim yo‘nalish belgilangan.

Hujjatdagi strategik maqsadlar muhim muammoli sohalar asosida qo‘yilgan bo‘lib, ularga erishish uchun ko‘rilishi lozim bo‘lgan aniq chora-tadbirlar esa tenglik, rivojlanish va tinchlik masalalariga taalluqli. Harakatlar platformasi barcha xotin-qizlarning ahvolini yaxshilashga qaratilgan. Mazkur hujjat jahon ahlining e’tiborini erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasida tenglikni ta’minlash zarur bo‘lgan ko‘plab sohalarga qaratdi.

Shu nuqtai nazardan, global sammit butun dunyo hamjamiyatining hayotida yorqin va muhim voqea bo‘ldi. Unda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning barcha ijobiy tomonlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar so‘nggi chorak asrda dunyo bo‘ylab xotin-qizlar ahvolini yaxshilash borasida erishilgan yutuqlarni batafsil ko‘rib chiqdilar. Xususan, qizlarning ta’lim olishini ta’minlash, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va siyosiy faolligini, shuningdek kamsitadigan qonunlarni bekor qilishga qaratilgan islohotlar olib borishdagi faolligini kuchaytirish sohasidagi yutuqlar ko‘rib chiqildi.

Forumning ochilish marosimida nutq so‘zlagan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, deklaratsiya qabul qilinganidan keyin o‘tgan 25 yil davomida davlatlar tomonidan juda katta ishlar amalga oshirildi, buning natijasida butun dunyoda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqei sezilarli darajada yuksaldi.

Keng miqyosli forum davomida mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qoidalarini amalga oshirish, xotin-qizlarni rag‘batlantirish va huquq hamda va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha o‘z hukumatlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Avvalroq, Namanganda 35 yoshli ayol majburiy ijro byurosi xodimlari uni uyidan chiqarishga uringanida o‘zini yoqib yuborgani va halok bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Mazkur holat bo‘yicha mamlakatda inson huquqlariga javobgar ko‘plab mas’ullar kabi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya raisi Tanzila Norboyeva ham hozircha munosabat bildirganicha yo‘q. Shunisi ma’lumki, ilojsizlikdan o‘z joniga qasd qilgan ayolning ikki bolasi yetim qoldi. Ularning taqdiri nima bo‘lishi ham mavhumligicha qolyapti. 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva BMT

Baholaganlar

346

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing