Nakamura Sindorovning jahon chempionligi uchun imkoniyatini baholadi
Sport
−
17:07 912 2 daqiqa
Amerikalik grossmeyster Hikaru Nakamura o‘zbekistonlik Javohir Sindorov va hindistonlik amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi bo‘lajak jahon chempionligi bahsida Sindorovning favorit ekanligini aytdi. Bu haqda u “Rook Review” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Xolisona qarasam, Sindorovning g‘alaba qozonmasligini tasavvur qilishim qiyin. Men keskin kurashga boy bahsni ko‘rishni istardim, ammo eng ehtimoliy natija Sindorovning juda ishonchli g‘alabasi bo‘ladi, deb o‘ylayman”, deydi Nakamura.
Nakamura Sindarovning ishonchli g‘alabasini eng ehtimoliy natija deb hisoblamoqda. U bo‘lajak bahsni Magnus Karlsenning 2013 yilda Vishvanatan Anandga qarshi o‘tkazgan ilk jahon chempionligi uchrashuvi bilan taqqoslagan.
“Bu 2013 yilda Magnus va Anand o‘rtasidagi bahsga o‘xshashi mumkin. Menimcha, bu Karlsenning jahon chempionligi uchun ilk uchrashuvi edi. U ikkinchi, oltinchi va o‘ninchi partiyalarda g‘alaba qozongan. Bu juda ishonchli g‘alaba bo‘lgan. Nazarimda, ehtimoliy to‘rtta ssenariy orasida aynan shu variant ustun.
Agar bahs durang bilan yakunlansa, menimcha, Gukesh g‘alaba qozonadi. Biroq durang bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Gukeshning so‘nggi bir yarim yildagi o‘yinlarida uning to‘satdan ancha yuqori darajada o‘ynay boshlashiga ishonish uchun asos ko‘rmayapman”, deydi Nakamura.
Eslatib o‘tamiz, Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi jahon chempionligi uchun bahslar joriy yilning 24 noyabridan 12 dekabriga qadar Jenevada bo‘lib o‘tadi. Asosiy partiyalar Markaziy Yevropa vaqti bilan soat 15:00 da boshlanishi rejalashtirilgan. Barcha partiyalar Toshkent vaqti bilan soat 19:00 ga to‘g‘ri keladi.
Live
Barchasi