Nyu-Yorkdagi “avariya”da 11 yoshli o‘zbekistonlik qizcha halok bo‘ldi
Olam
−
10:27 1622 1 daqiqa
AQSHning Nyu York shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 11 yoshli o‘zbekistonlik Amira Aminova halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Nyu-York shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Konsulxona marhum qizaloqning onasiga, yaqinlari va barcha qarindosh-urug‘lariga ushbu og‘ir va qaytib to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotish munosabati bilan samimiy va chuqur ta’ziya bildirgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, konsulxona bolaning onasi bilan doimiy aloqada bo‘lib, shuningdek Nyu-York shahridagi tegishli vakolatli idoralar bilan hamkorlik qilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi diplomatik muassasalari marhumaning oilasiga birinchi murojaatdanoq va to‘liq hajmda zarur yordam ko‘rsatishga tayyor”, deyiladi xabarda.
Mahalliy OAVning yozishicha, hodisa 5 fevral kuni sodir bo‘lgan. Qiz chorrahani piyodalar yo‘lagidan kesib o‘tayotganida o‘ng tomonga burilayotgan maktab avtobusi urib yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada fojeali tarzda vafot etgan o‘zbekistonlik ayolning jasadi ikki farzandi bilan birga O‘zbekistonga olib kelingandi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadini O‘zbekistonga olib kelish bilan bog‘liq xarajatlar endilikda davlat tomonidan qoplanishi haqida ham xabar berilgandi.