Mustaqil komissiya Polat Shamshetov o‘limi yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar ishtirokchisi, Qoraqalpog‘iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limining sobiq boshlig‘i Polat Shamshetov joriy yilning 4 fevral kuni yurak hurujidan vafot etgani haqida xabar bergan edik. 

Bugun, 7 fevral kuni esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022 yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha Mustaqil komissiya a’zolari hamda Ombudsmanning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili marhum Polat Shamshetovning o‘limi sabablarini o‘rganish maqsadida 4-sonli Tergov hibsxonasida bo‘lib, marhumning o‘limi yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Unga ko‘ra, o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. 

“Olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, marhum Polat Shamshetov o‘pka arteriyasi tromboyemboliyasi, o‘tkir yurak-qon tomiri yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan. O‘rganish ishlari davom etmoqda”, deyiladi Komissiyaning bayonotida.

Qayd etilishicha, Mustaqil komissiya a’zolari 6-mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi markaz boshlig‘i podpolkovnik Sh.Radjabov, hibsxona boshlig‘i podpolkovnik U.Asadov va hibsxona tibbiyot bo‘limi boshlig‘i mayor N.Po‘latov, shuningdek, marhum Polat Shamshetov vafot etgan kuni hibsxonada navbatchilikda bo‘lgan tibbiyot bo‘limi feldsheri – katta serjant D.Temirov hamda tartibot va qo‘riqlash bo‘limi korpus katta safdori R.Jumayev bilan holat yuzasidan suhbatlashgan.

Shuningdek, qayd etish hujjatlari hamda hibsxonada saqlanayotgan shaxslar va xizmat olib borayotgan xodimlar harakatini nazorat qilish maqsadida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari yozuvlarini o‘rgangan.

“Komissiya a’zolari marhum Polat Shamshetov bilan hibsxonaning kamerasida birga saqlangan shaxslar S.Sh. va M.B. bilan holat yuzasidan alohida suhbatlashdi. Ular marhum Polat Shamshetovga nisbatan ruhiy yoki jismoniy tazyiqlar o‘tkazilmagani, bu haqda marhumning o‘zi ham biror marta shikoyat qilmaganini qayd etishdi”, deyilgan rasmiy bayonotda.

Qolaversa, Mustaqil komissiya marhum Polat Shamshetov vafot etgach, hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshlig‘i, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili, marhum Polat Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganini qo‘shimcha qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Nukus tartibsizlik Polat Shamshetov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing