Milandagi tartibsizliklarda Rossiyaning qo‘li borligi tekshirilyapti – “Bloomberg”
Olam
−
21:48 930 2 daqiqa
Italiya hukumati joriy yilning 17-18 oktyabr kunlari Milan va boshqa Yevropa shaharlarini qamrab olgan tartibsizliklar ortida tashqi kuchlar, shu jumladan Rossiyaning aloqasi borligini tekshirmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Jorjiya Meloni hukumati xorijiy provokatorlarning ehtimoliy roli haqida hisobot so‘ragan. Parij, Milan va boshqa shaharlarda turmush darajasi qimmatlashishiga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlari dam olish kunlari talonchilik va o‘t qo‘yishlarga aylanib ketgan. Zo‘ravonlik ko‘lami va hujumlarning bir qismida kuzatilgan uyushqoqlik belgilari mulozimlarni bu shunchaki norozilikning stixiyali portlashi ekaniga shubha qilishga majbur etgan.
Italiya Mudofaa vaziri Gvido Krozetto kecha, 20 oktyabr kuni Rimdagi tadbirda shunday deydi:
“Milan va Italiyaning boshqa qismlaridagi voqealar ilgari ko‘rganimizdan tubdan farq qiladi. Bu men “gibrid urush” deb ataydigan jarayonning oqibati bo‘lib, uni kimdir mamlakatlarimizda noan’anaviy vositalar – TikTok, ijtimoiy tarmoqlar va YouTube yordamida olib bormoqda, G‘arb esa buni payqamayapti va munosib javob qaytarmayapti”.
Krozettoning so‘zlariga ko‘ra, namoyishlarda qatnashgan 11-12 yoshli bolalar, aftidan, o‘ziga xos g‘oya ta’siriga tushib qolgan. Vazir bu bo‘yicha aniq tafsilotlarni keltirmagan.
Shu bilan birga, hukumat yangi tartibsizliklarning oldini olish bo‘yicha choralarni e’lon qilgan, chunki kelayotgan dam olish kunlariga navbatdagi namoyishlar to‘lqini rejalashtirilgan. Noroziliklar ayniqsa shiddatli tus olgan Milanga yil oxirigacha 500 nafar harbiy xizmatchi yuboriladi. Melonining konservativ koalitsiyasi tanqidchilari hukumatni kelgusi yilda bo‘lib o‘tadigan umumiy saylovlar oldidan siyosiy manfaatdorlik uchun tartibsizliklardan foydalanayotganlikda va chuqur iqtisodiy hamda ijtimoiy muammolarni hal etmayotganlikda ayblagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 oktyabr kuni butun Fransiya bo‘ylab qimmatchilikka qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Mamlakatda yuz minglab odamlar ko‘chalarga chiqdi, shuningdek, Italiya shimolidagi bir nechta shaharda ham o‘tkazildi. Joriy yilning 17 oktyabr kuni Milan, Bolonya, Breshia, Bergamo va Turinda 28 kishi qo‘lga olindi, 18 oktyabr kuni esa Milanda 60 dan ortiq tartibsizlik qatnashchilari tekshirish uchun politsiyaga olib ketildi.
Live
Barchasi