Murod Xonto‘rayevni pichoqlab ketganlar ustidan sud boshlandi
Jamiyat
−
01 may 2019
84562018 yilning 26 noyabr kuni o‘zbekistonlik aralash qoidali janglar ustasi Murod Xonto‘rayev Toshkent savdo majmuasida joylashgan ofisida pichoqlab ketilgan edi. Sportchi pichoqdan 9 marta jarohatlangan. Unga shifokorlar bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, bosh o‘ng tepa sohasi ezilib yorilgan jarohati, o‘ng son, dumba sohasi, ko‘plab sanchilib kesilgan jarohatlari (9 ta) ikkala ko‘krak usti sohasi sidirilgan jarohati, chap tirsak sohasi kesilgan jarohati tashxisini qo‘ygandi.
Xonto‘rayevning pichoqlanishi bilan bog‘liq holatda 7 kishi gumonlanib, tergovga tortilgandi. Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi ochilgan.
Keyinroq vaziyatni hisobga olib, jinoiy ish moddalari qayta tavsiflanib, 164-moddaning 4-qismi “v” bandiga (bosqinchilik) o‘zgartirilgan. Gumonlanuvchilar 2018 yilning noyabr-dekabr oylari davomida hibsga olingandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud bo‘lib o‘tmoqda.. Unda quyidagi shaxslar:
I.Abdulahatov (1991 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - o‘rta, muqaddam sudlangan);
T.Azizov (1992 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - o‘rta, muqaddam sudlangan);
S.Akbarov (1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - o‘rta, muqaddam sudlangan);
S.Vadenov (1992 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - o‘rta, muqaddam sudlangan);
O.Sodiqov (1985 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - o‘rta, muqaddam sudlangan);
J.Saynazarov (1988 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - o‘rta, muqaddam sudlanmagan);
S.Fatxullayev (1991 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - o‘rta, muqaddam sudlangan) sudlanmoqda.
Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi Akmal Ergashev raisligida hamda xalq maslahatchilari B.Muslimov va M.Mirhamidovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilmoqda.
Sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi “a”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.
2019 yil 12 aprel kuni boshlangan sud jarayoni davomida sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar (M.Xonto‘rayev, S.Zunnunov va I.Saidov) va ayrim guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi.
Hozirgi kunda sud tergovi ketayapti. Qolgan guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanmoqda.
LiveBarchasi