Murod Xonto‘rayevning vafoti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
27 iyul 2021
67054O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev vafot etgan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, holat bo‘yicha Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Murod Xonto‘rayev boshqaruvidagi BMW X5 avtomobili bilan to‘qnashuv sodir etgan Lacetti avtomobili haydovchisi A.U. guvoh sifatida tergovga jalb etilgan.
Eslatib o‘tamiz, "Osiyo ayig‘i" nomi bilan tanilgan MMA jangchisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev ishtirokidagi YTH joriy yilning 19 iyul kuni soat 11:30 larda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida sodir bo‘lgan. Bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Lacetti hamda BMW X5 rusumli avtomobillar ishtirokidagi to‘qnashuvda BMW X5 rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan.
Oqibatda BMW X5 rusumli avtomobil haydovchisi, 1987 yilda tug‘ilgan Murod Xonto‘rayev voqea joyida vafot etgan va ushbu avtomobil yo‘lovchisi Jasur Anorboyev tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.
Quyida QALAMPIR.UZ'ning Murod Xonto‘rayevning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan "G‘animat" filmini tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi