G‘animat. Murod Xonto‘rayev xotirasiga bag‘ishlanadi
Intervyu
−
24 iyul 2021
72710Birinchi bo‘lmoq hamisha qiyin. O‘rnak bo‘lish, ortingdan ergashtirish, xato qilgan chog‘ing badalini ortig‘i bilan to‘lash... Birinchilarning qismatga bitilgani shu. Ularga oson. Ularga qiyin! MMA jangchisi Murod Xonto‘rayev ham birinchi edi. U O‘zbekistonda birinchi bo‘lib aralash jang san’ati sportida yuqori natijaga erishgan, dunyo davlatlari rahbarlari nazariga tushgan, “Osiyo ayig‘i” nomini olgan sportchi edi.
Murod Xonto‘rayev 1987 yil 4 iyulda Toshkent shahrida, oddiy oilada tug‘ildi. Otasi oshpaz va novvoy edi. Onasi esa uy bekasi. Xonto‘rayev bolagini ko‘p eslar, o‘shanda maktabdan qaytgach? otasiga non sotishda yordam berganini aytardi. Oilada ikki o‘g‘ilning to‘ng‘ichi bo‘lgan Murod kamtargina o‘tgan bolaligini baxtga to‘la xotiralar bilan yodga olardi. Xonto‘rayevning sportga kirib kelishiga otasi sababchi bo‘lgan
Murod kikboksing bo‘yicha Toshkent shahar chempionatidagi ishtiroki bilan sportchilik faoliyati boshlangan. Kikboksing va qo‘l jangi bo‘yicha 15 karra O‘zbekiston, 5 karra Osiyo, ikki karra Jahon chempioni, universal janglar bo‘yicha esa, 4 karra Osiyo va bir bor Yevropa chempioni bo‘lgan, Muay-tay bo‘yicha bir marta Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.
Xonto‘rayevni mashhurlikka olib chiqqan g‘alabalardan biri bu Sochida bo‘lib o‘tgan “League S-70” turnirida rossiyalik Yevgeniy Yeroxinga qarshi jang edi. U raqibini atigi 25 soniyada mag‘lub qilgan. Ushbu g‘alaba barcha MMA muxlislarini, shu qatorda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevni ham hayratda qoldirgan.
2018 yil 26 noyabr. Murod Xonto‘rayev Toshkentning qoq markazida pichoqlandi. Bu unga nisbatan qilingan birinchi yirik suiqasd edi. Sudda Xonto‘rayev hech kimdan da’vosi yo‘qligini aytib, ayblanuvchilarning jazosini yengillatishni so‘rab, yana bir bor mardligini namoyon etdi.
19 iyul. Qurbon hayitidan bir kun avval. Tushga yaqin ijtimoiy tarmoqlarda Murod Xonto‘rayev yo‘l-transport hodisasiga uchrab, vafot etibdi, degan xabarlar tarqaldi. Ko‘pchilik bunga ishonmadi. Xonto‘rayevga avval ham suiqasd qilingani, u juda ko‘p falokatlardan omon chiqib kelgani uchun bu safar ham omon qaytadi, degan ishonch bor edi.
Bugun biror kishiga musibat kelsa, yordam o‘rniga, mazax qilguvchilar, bo‘hton tarqatadiganlar ko‘p topiladi. Xonto‘rayevning vafoti ham ular uchun ayni muddao bo‘ldi. Kim spirtli ichimlik iste’mol qilgan ekan desa, yana kimdir mashinani katta tezlikda boshqarganini to‘qib chiqardi. Haqiqat esa birin-ketin yuzaga chiqaverdi.
Murod Xonto‘rayev nafaqat kuchli sportchi, namunali shogird, balki mehribon farzand, yakkayu yagona ammo dunyolarga tatiydigan aka, uch o‘g‘ilning otasi, suyukli yor, adolatli rahbar, halol sherik, sadoqatli do‘st ham edi. Ayniqsa, qo‘li ochiq, saxiyligi tillarda doston...
Dunyodan o‘tgan yaxshi insonlar xotirasiga haykal o‘rnatiladi. Ushbu haykalni ko‘rganda uning ezgu amallari yodga olinadi. Biroq, oramizda shunday insonlar borki, ular tiriklik chog‘idayoq odamlarning qalbiga o‘z haykalini, siymosini o‘rnatib ketadi. Bu haykalni o‘chirib ham, sindirib ham bo‘lmaydi. Xonto‘rayev odamlar qalbida ana shunday siymosi bilan qoldi.
Murod Xonto‘rayev haqida tayyorlangan G‘animat filmini yuqoridagi videopleyerda va QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Unda “Osiyo ayig‘i”ni oila a’zolari, ustozlari, do‘stlari va shogirdlari davrasida xotirlaymiz. Xonto‘rayevni oramizdan olib ketgan YTHning yana bir ishtirokchisi so‘zlariga quloq tutamiz.
LiveBarchasi