Murod Xonto‘rayev vafotidan oldin do‘kondan spirtli ichimlik olganmidi? Sotuvchi bilan suhbat
3-sahifa
−
21 iyul 2021
49438Xabaringiz bor, joriy yilning 19 iyul kuni O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yo‘l-transport hodisasiga uchrab, vafot etdi.
“Osiyo ayig‘i”ning vafotidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab mish-mishlar tarqatildi. Ana shunday bo‘htonlardan biri uning shu kuni spirtli ichimlik iste’mol qilgani, xalq tilida “bochka” deb ataluvchi – Bo‘stonliq tumani joylashgan do‘konlardan biridan spirtli ichimliklar xarid qilgani, ularning pulini bermay ketgani va do‘konchiga to‘pponcha tiragani haqidagi gaplar edi. Oradan ko‘p o‘tmay, ushbu audioyozuvni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan yigit Xonto‘rayevning yaqinlari va xalqdan uzr so‘rab, bu voqeaga o‘zi guvoh bo‘lmagani, ko‘zi bilan ko‘rmagani, tanishidan eshitganini aytib chiqdi.
Bu orada Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari Bobur To‘laganov ham vaziyatga yanada aniqlik kiritish maqsadida Bo‘stonliq tumanida joylashgan do‘kon sotuvchisi bilan muloqot qildi. To‘laganovning shaxsiy sahifasida e’lon qilingan videosuhbatda do‘kon sotuvchisi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan gap-so‘zlar yolg‘on ekanini aytgan.
Do‘konchining qayd etishicha, Murod Xonto‘rayev BMW X5 rusumli avtomobilida 19 iyul kuni soat 10:30 atrofida do‘kon oldiga kelib to‘xtagan. Xonto‘rayev avtomobildan tushmay, tashqariga chiqqan sotuvchidan gazlanmagan suv va saqich olib chiqishini so‘ragan.
“Internetda tarqatilayotgan gaplar yolg‘on. Men bu gaplarni tarqatgan bolaga chora ko‘rishingizni so‘rayman”.
Ahamiyatlisi shundaki, sotuvchining aytganlarini ushbu do‘kon tepasiga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari ham tasdiqlab beradi.
Eslatib o‘tamiz, YTH 19 iyul kuni soat 11:30 larda Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida sodir bo‘lgan. Bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Lacetti hamda BMW X5 rusumli avtomobillar ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida BMW X5 rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan.
Oqibatda BMW X5 rusumli avtomobil haydovchisi, 1987 yilda tug‘ilgan M.X. voqea joyida vafot etgan va ushbu avtomobil yo‘lovchisi tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi