Mulkdor “doverennost” bergani haqida YHXXni xabardor qilish tartibi belgilanyapti

Jamiyat

image

Mulkdorlar o‘ziga tegishli transport vositasini boshqarish huquqi boshqa shaxsga, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga ishonchnoma orqali o‘tkazilgani to‘g‘risida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini xabardor qilishi tartibi joriy etiladi. 

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositasining mulkdorlari tomonidan avtomototransport vositasini boshqarish va foydalanish huquqi boshqa shaxsga berilganligi haqida davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini xabardor qilish tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, avtomototransport vositasining mulkdorlari tomonidan o‘zlariga tegishli avtomototransport vositasini boshqarish huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilgani haqida davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini xabardor qilish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash taklif etilmoqda.

Nizomga muvofiq, avtomototransport vositasining mulkdorlari o‘ziga tegishli avtomototransport vositasini boshqarish huquqi boshqa shaxsga, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga ishonchnoma orqali o‘tkazilgani to‘g‘risida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini xabardor qilishi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali amalga oshirish taklif etilmoqda.

Bunda, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini xabardor qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 16 foizi miqdorida yig‘im undirilishi, YAIDXP orqali murojaat qilingani uchun belgilangan yig‘imning 90 foizi undirilishi hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga band birinchi xatboshisida belgilangan yig‘imning 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llanishi belgilanmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mas’ul xodimi xabarnoma kelib tushgandan so‘ng huquqbuzarliklarni qayd etish tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi, agar murojaatda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risida ma’lumot mavjudligini aniqlasa, ushbu haqida maxsus integratsiyalashgan axborot tizimi orqali bojxona organlariga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida xabarnoma yuborishi taklif etilmoqda.

YAIDXP orqali yuborilgan xabarnomalar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining “Ma’muriy amaliyot” moduliga kelib tushishi va ushbu modulida tegishliligi bo‘yicha “Notarial tasdiqlangan ishonchnoma”, “Karshering” va “Chet el fuqarosi” bloklariga taqsimlanishi belgilanmoqda.

Buning natijasida, avtomototransport vositasini boshqarish huquqini tegishli ishonchnoma orqali olgan shaxs, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs kelgusida yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlikni sodir etsa huquqbuzarliklarni qayd etish tizimiga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 17-1- va 309-1-moddalariga muvofiq javobgarlikka tortilishi belgilanmoqda.

Agar avtomototransport vositasini boshqarish huquqini tegishli ishonchnoma orqali olgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etsa, ularga nisbatan MJtKning 309-1-moddasiga asosan jarima solish to‘g‘risida qaror chiqariladi va bu haqida onlayn rejimda bojxona organlariga integratsiyalashgan maxsus axborot tizimi orqali xabarnoma yuboriladi. Ularga nisbatan chiqarilgan jarima solish to‘g‘risida qarorda belgilangan jarima undirilmasdan O‘zbekiston hududidan chiqib ketayotganda, jarimalar bojxona organlari tomonidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan onlayn rejimda taqdim etgan ma’lumotlar asosida undiriladi.

Bunda, yo‘l harakati qoidalarini buzgan chet el fuqarolaridan bojxona organlari tomonidan undirilgan jarima summasidan Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasiga ajratilishi belgilangan qismning 50 foizi Bojxona qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, bojxona organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasiga o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

YHXX doverennost' Mulkdor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing