“Erkatoy o‘g‘il mashmashasi” IIV jarimalar bo‘yicha eksklyuziv huquqlarni kimga berdi?
Jamiyat
−
15 aprel
15878Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumot berib kelayotgan Road24 ilovasi va IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘rtasida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumot almashinuvi batamom to‘xtatildi. Bu haqda YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.
Yo‘ldoshev 14 apreldan e’tiboran jarimalar va boshqa xizmatlar haqidagi ma’lumotlarni Safe Road ilovasi orqali bilish mumkinligini bildirdi.
Bu xabardan so‘ng Road24 ma’muriyati o‘zining Telegram sahifasida bunday o‘zgarishlarga munosabat ko‘rsatib, post qoldirdi. Unda yangi ekani aytilayotgan ilova shunchaki Road24’dan ko‘chirilgani aytilgan.
Postning to‘liq shakli sal o‘tib tahrirlandi va uning YHXX va Ichki ishlar vazirligiga qarata yozilgan qismi olib tashlandi.
“Ha. YHX va IIVga kelsak, davlat tashkiloti bo‘lib hammaga teng imkon berish o‘rniga dadasi kuchli, shunga yo‘l berdi. Eski zamonlar qaytdi”, deya yozilgan edi postning tahrirlanmagan ko‘rinishida.
Biroq ilova ma’muriyati o‘z e’tirozida nimaga shama qilayotgani, gap aynan kimning o‘g‘li, kimning dadasi haqida ketayotgani ma’lum emas. Va bu ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti, faollar orasida trend mavzuga aylandiki, jamoatchilik yangi ilovaning mualliflari otasini qidirmoqda.
“Yangi ilova qildik deyishmoqda, lekin nimasi yangi? Hech narsasi, Road24 ilovasini olishdi, ko‘chirishdi. Yangilik, osonlik yaratishni bizning jamoa juda yaxshi biladi. Road24 ilovasi tez kunda yangilanadi, sizlar uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratiladi”, deydi IIV hamkorlikni to‘xtatgan ilova ma’muriyati.
Bugungacha muammosiz ishlab kelayotgan Road24 ilovasi va YHXX tomonidan tiqishtirilayotgan ilovaga taalluqli jarayon ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga, e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Jamoatchilik vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari, jurnalistlar, iqtisodchilar YHXXning tayyor ilova bilan hamkorlikni butkul to‘xtatib, tendersiz, raqobatni qo‘llab-quvvatlamay boshqa ilova bilan ish boshlaganini qoraladi.
“Bu xuddi yangi va qo‘ling o‘rgilsin zamonda hokimlar tayinlanishi bilan tadbirkor-u, aholi o‘rgangan eski bozorni buzdirib, yangisini qurdirish va yoqadimi, yo‘qmi, ixtiyoran-majburan ko‘chirishga o‘xshaydi.
Qo‘yinglar, Xudobexabar bozorni buzadi, mayli, yangi bozor qurmoqchi bo‘lsang, unisiyam ishlayversin, bunisiyam ishlasin, raqobat va tanlov bo‘lsin, deydigan topilmaydi, afsuski”, deb yozgan iqtisodchi Otabek Bakirov.
Yangi ilovaning bozorga birdaniga kirib, tayyor nomni o‘zlashtirgani, YHXX ilovasining davlat idorasi tomonidan keng targ‘iboti va eski ilovaga nisbatan qo‘yilgan taqiqlar ko‘pchilikda norozilik kayfiyatini yuzaga keltirdi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari bunday vaziyatda korrupsiya holatlari mavjudligi ehtimoldan yiroq emasligi, iste’molchilar huquqlari poymol bo‘lgani va teng raqobat qilib, ikkala ilovani ham amalda qo‘llash yaxshi yechim bo‘lishi haqida fikrlar bildirdi.
QALAMPIR.UZ holat bo‘yicha munosabat olish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot kotibi Otabek Usmonov bilan bog‘landi.
“Bu masalada qaysi ilovaning yuritilishi tenderda yutib olingan masala emas. Misol uchun, tenderda olingan bo‘lib, biz uni cheklab, xususiy sektor sifatida bozorga boshqani kiritgan bo‘lsak, o‘shanda bu biz shug‘ullanishimiz lozim bo‘lgan masala bo‘lar edi. Biroq bu Road24 va YHXXning o‘zaro shartnomaviy munosabati, qolaversa, Road24’ni biz iste’molchi sifatida ko‘rmaymiz. U ham, Ichki ishlar vazirligi ham – yuridik shaxs, shartnomaviy munosabatlar fuqarolik tartibida ko‘riladi. Aytaylik, Road24 fuqaro sifatida iste’molchi huquqlarimizni buzdi desa, uni iste’molchi sifatida ko‘rishimiz mumkin edi. Lekin, u yuridik shaxs. Raqobat qo‘mitasi fuqaroviy tartibda tuzilgan shartnomalarni ko‘rib chiqmaydi. Agar bu vaziyatda raqobatni cheklaydigan holat bo‘lganida, Qo‘mita bu jarayonni ko‘rib chiqishi mumkin edi”, deydi qo‘mita rasmiysi.
Usmonovning qo‘shimcha qilishicha, agar tender savdolari tashkil qilingan va unda ilovani boshqa xususiy sektor yutib olgan bo‘lsa hamda bu borada Road24 tomonidan davlat xaridlari jarayonida raqobat buzilishi haqida murojaat qilinsa, Raqobat qo‘mitasi o‘shanda holatni ko‘rib chiqishi mumkin.
QALAMPIR.UZ yangi ilovaning davlat idorasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishida korrupsion omillar mavjudmi, degan savollar ortidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan bog‘landi. Agentlik matbuot kotibi Sherzod Saparov tashkilot o‘z vakolatlari doirasida jarayonni o‘rganib, so‘ngra batafsil axborot berishi, hozircha munosabat bildira olmasligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Road24 ilovasining ommaviy oferta bo‘limida uning ishlab chiqaruvchisi “Kash App” MCHJ ekani ko‘rsatilgan. Korxona 2016 yil 17 mart kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Korxonaning ustav fondi – 165 million 409 ming 600 so‘m. Rahbar sifatida Liniza Xalilovna Fatkulina ko‘rsatilgan va u firmaning 10 foiz ulushiga egalik qiladi. MCHJning qolgan 90 foiz ulushi Naima Muhammadjonovna Hasanova nomiga rasmiylashtirilgan. Ilova Play Market’da 5 milliondan ortiq foydalanuvchi tomonidan yuklab olingan.
Jarimalar haqida ma’lumot berish bo‘yicha yangi eksklyuziv huquq egasiga aylangan Safe Road ilovasining ommaviy oferta bo‘limi ayni paytda ishlayotgani yo‘q. Shunga qaramay, ilova App Store'ga “AUTODOC” MCHJ nomidan taqdim etilgan va 100 mingdan ko‘p foydalanuvchi tomonidan yuklab olingan. Ushbu korxona 2022 yil 27 iyun kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ustav fondi – 500 ming so‘m. Rahbar sifatida Sayyodbek Siddiqjon o‘g‘li Sodiqov ko‘rsatilgan. Firmaning ta’sischisi 100 foiz ulush bilan Bilol Bahodir o‘g‘li Karimov hisoblanadi.
LiveBarchasi