Yo‘llarni yaxshilash uchun hokim va YHXX birga ishlashi kerak – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Qayerda hokim va YHXX birgalikda yo‘l infratuzilmasi bilan jiddiy shug‘ullansa, o‘sha yerda o‘zgarish kuzatilayotgani qayd etildi. Bu haqda bugun, 9 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda aytilishicha, misol uchun, Chustdan o‘tgan va yiliga 10 nafar odam vafot etgan D-105 Farg‘ona halqa yo‘lining 6 kilometriga muhofaza to‘siqlari o‘rnatilgani uchun bu yil o‘lim bilan bog‘liq avariya bo‘lmagan.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llar holati o‘rganilgan. 1557 kilometr yo‘llarda beton va temir to‘siqlar, 967 kilometr trotuar, 38 mingta yo‘l belgisi yetishmasligi aniqlangan.

Shu munosabat bilan Prezident yo‘l infratuzilmasini yaxshilash orqali avariyalarni kamaytirish bo‘yicha “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi boshlanishini e’lon qildi. “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturi doirasida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, Hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Har bir viloyatda jamg‘armaning alohida filiallari bo‘ladi.

Qayd etilishicha, bu yil jamg‘armaga barcha manbalar hisobidan 400 milliard so‘m tushishi prognoz qilingan. Bunga qo‘shimcha tarzda foto-video radardan byudjetga tushadigan jarimaning 25 foizi ham jamg‘arma va uning filiallariga yo‘naltiriladi.

YHXX tizimidagi yo‘l belgilari va svetofor o‘rnatish, yo‘l chiziqlarini chizishga mas’ul korxonalar ham viloyatga o‘tkaziladi.

“Jamg‘armaning faoliyati shaffof bo‘ladi, unga viloyat YHXB va yo‘l boshqarmasi boshliqlari, jamoatchilik vakillari kiradi”, deya yozgan Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Ta’kidlanishicha, bundan buyon ushbu jamg‘arma mablag‘lari birinchi galda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli uchastkalarni tartibga solishga yo‘naltiriladi (yo‘lni ajratuvchi to‘siqlar, yo‘l belgilari, yoritgichlar o‘rnatish, piyoda yo‘laklari tashkil qilish, chorrahalarni raqamlashtirish).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda oxirgi 7 yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga 61 trillion so‘m ajratilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

videoselektor YHXX Shavkat Mirziyoev hokim Yo'llar holati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing