Muftiy Xoliqnazarov dinda haddidan oshayotganlarga murojaat qildi
Jamiyat
−
09 Sentabr 2023 12589 2 daqiqa
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekistonda Islom dinida haddan tashqari bo‘rttirib yuborilayotgan xatti-harakatlar haqida ham gapirdi.
“Haj yoki umradan kelgan odamlar ortiqcha ulug‘lab yuborilyapti. Kilometr uzoqdan oyog‘ining tagiga poyandoz solish ham, yosh bolalarni olib kelib, og‘ziga tupurtirish ham haddidan oshishdir. Ota-onani hurmat qilishda ham haddidan oshish bor. Bir odam onasining oyog‘ini yuvib, suvini ichyapti. Dinimiz bunga buyurmagan. Ota-onaning hurmatini qilish – uni rozi qilish, xizmatini qilish, uning duosini olish. Bundan ortig‘i g‘ulu”, dedi mufti.
Qori, shuningdek, dinda aytilmagan qoida va hukmlarni o‘ylab topib, boshqalarga ham targ‘ib qilayotgan odamlarga murojaat qildi va har bir so‘zni dalil bilan gapirishni so‘radi.
“Ba’zilar tilla tish qo‘ygan yoki tishlarini “plomba” qilgan odamning orqasidan namoz o‘qib bo‘lmaydi deyishyapti. Hujjatingiz qayerda? Dalilingiz qayerda? Din sizning aqlingizga keladigan narsa bilan hal bo‘ladigan ish emas. Biz aytamizki, yo‘q, birodar. Chunki, bizda hujjat bor. Sahobalardan birining burni kesilib ketganda, avval temirdan burun yasashgan, keyin tilladan yasashgan. Shundan qiyos qilib aytiladiki, bunga ruhsat berilgan ekan, tilla tishga ham shu hukm”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarov arablashayotgan o‘zbeklar bo‘yicha fikr bildirdi. Uning aytishicha, Islom dinida ma’lum bir forma qabul qilinmagan. Bu mumkin ham emas.
Live
Barchasi