“Siz prezidentim emassiz”. Rossiyalik aktyor Putinga keskin murojaat yo‘lladi (video)

Olam

image

Sergey Bezrukov rahbarligidagi teatr aktyori Aleksey Yarmushchik mamlakat Prezidenti Vladimir Putinga murojaat qilib, uni o‘z prezidenti deb hisoblamasligini aytdi. Aktyor bu haqdagi video murojaatini 28 iyul kuni Instagram’dagi sahifasida e’lon qildi.

26 yoshli aktyor e’lon qilgan videomurojaatida Putinning prezident bo‘lib qolishini istamasligini, hukumat tarqatib yuborilishi kerakligini va Rossiyadagi mavjud siyosatni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan.

“Men sizning mening prezidentim bo‘lishingizni xohlamayman. Butun hukumatni tarqatib yuboring”, degan aktyor.

 U, shuningdek, Qrimni Rossiyaniki deb hisoblamasligini, “VKontakte” emas, Instagram’dan foydalanishni xohlashini aytgan.

“Men sizning televizoringizni ko‘rishni xohlamayman. Men o‘zimning qo‘shiqlarimni tinglashni xohlayman. Men VK’dan foydalanishni istamayman. Men Instagram’dan foydalanishni istayman, chunki u yaxshiroq. Men Qrim bizniki deb hisoblamayman”, deb aytgan u.

Yarmushchikning ta’kidlashicha, u o‘z tengdoshlari orasida Putindan qo‘rqmaydigan yoki uning prezident bo‘lishini xohlaydigan biror kishini tanimaydi.

“Men siz mening prezidentim bo‘lishingizni istamayman. Hech qachon. Sizni prezident sifatida yaxshi ko‘radigan va hurmat qiladigan odamlar qayerdaligini bilmayman. Siz mening prezidentim emassiz. Sizga aytmoqchi bo‘lganlarim shulardan iborat edi”, degan u murojaatida.

Bir necha soatdan keyin aktyor yana bir video e’lon qilib, birinchi chiqishi ortidan turli fikrlarni o‘qiganini va hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi insonlarning munosabati unda katta taassurot qoldirganini aygan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu muhokamalardan keyin mamlakat hukumatiga va Putinga munosabati ma’lum darajada o‘zgargan.

“Men bu xalqni juda yaxshi ko‘raman. Endi hukumatni ham yaxshi ko‘raman, Vladimir Vladimirovichni ham hurmat qilaman. Chunki haqiqatan ham uni qo‘llab-quvvatlaydigan odamlar bor ekan. Eng muhimi – bir-birimiz bilan muloqot qilish”, degan Yarmushchik.

“Ostorojno, novosti” nashriga bergan intervyusida u birinchi videoni “axborot pufagini yorib chiqishga urinish” deb atagan. Aktyor oqibatlardan xavotirlanayotganini yashirmagan.

Uning aytishicha, murojaatni yozishiga Rossiyada safarbarlikning yangi to‘lqini boshlanishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar turtki bo‘lgan.

“Mendek yosh yigit uchun bu eng katta xavotirlardan biri”, degan u.

Ma’lumot uchun, Aleksey Yarmushchik 2023 yilda Konstantin Raykin nomidagi Oliy sahna san’ati maktabini tamomlagan. Keyin Sergey Bezrukov rahbarlik qiladigan Moskva viloyati drama teatrida ishlagan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u 2026 yil iyun oyida maoshning pastligi hamda teatrda aktyorlarga munosabatdan norozi bo‘lgani uchun ishdan bo‘shagan.

Yarmushchikning chiqishi so‘nggi oylarda Putinga qaratilgan shov-shuvli murojaatlardan yana biri bo‘ldi. Bundan avval bloger Viktoriya Bonya ham prezidentga murojaat qilib, mamlakatdagi muammolar haqida gapirgan, Ukrainadagi urush qatnashchisi Aleksandr Lunin esa armiyadagi vaziyat yuzasidan Putin bilan uchrashishni talab qilgan edi. Keyinchalik Lunin ma’muriy qamoqqa olingach, murojaatini o‘chirib tashlagan va avvalgi bayonotlaridan voz kechgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing