MTV Zarafshonda tarbiyachilar tozalashga olib chiqilishi bo‘yicha ma’lumot berdi
Jamiyat
−
27 iyul 2019
3609O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Zarafshon shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarini hududni obodonlashtirish bo‘yicha majburiy ishlarga jalb qilinganligi haqida tarqalgan axborotni o‘rganib chiqdi.
Tekshiruvda Tarmoqdagi anonim manbalarda tarbiyachilar tozalagan deb ko‘rsatilgan “Yangi Zarafshon” mahallasi Zarafshon shahar markazidan 2 km uzoqlikda joylashgani aniqlangan. Ko‘rsatib o‘tilgan tumanda 3 ta davlat MTT faoliyat yuritadi.
Zarafshon shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi M. Tursunova 1, 16 va 20-sonli MTT xodimlaridan so‘rab-surishtirganda, ularning barchasi 2019 yil 15 iyul kuni dushanba, ya’ni ish kuni bo‘lgani va bolalarni qarovsiz qoldirib bo‘lmasligi sababli shu kuni MTTda bo‘lganlarini va bevosita o‘z vazifalarini bajarganliklarini ma’lum qilgan.
1, 16, 20, 4-MTTlarda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, ulardagi yozuvlar tarbiyachilarning ish joylarida bo‘lganliklarnini tasdiqlagan.
Qo‘shimcha ravishda Zarafshon markazidan 40-50 km uzoqlikda joylashgan MTT xodimlari ham so‘roq qilingan. “Muruntau” mahallasida (shahar markazidan 40 km narida) joylashgan 4-sonli MTT mudiri guvohligiga ko‘ra, joriy yilning 19 iyulida uning shaxsiy telefon raqamiga chet el raqamidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, vaziyatni izohlash yuzasidan murojaat etilgan.
20-sonli MTT mudiriga ham xuddi shunday qo‘ng‘iroq tushgan. Ikkala mudir qo‘ng‘iroq qilganlarga 2019 yil 15 iyul kuni obodonlashtirish bo‘yicha ishlarga biror xodim jalb qilinmaganligi va shu kuni marafon o‘tkazilishi haqidagi axborot mavjud emasligi, barcha tarbiyachilar esa MTTda bevosita lavozim vazifalarini bajarayotgani haqida ma’lum qilgan.
Vaziyatni o‘rganish natijalariga ko‘ra, marafon e’lon qilingani va maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari hududni obodonlashtirishga majburiy jalb qilingani haqidagi axborot tasdiqlanmagan.
Vazirlikning fikricha, mazkur yangilikni e’lon qilishda resurslar tasodifiy suratlardan foydalangan. Zarafshon shahridagi MTT tarbiyachilari majburiy mehnatga jalb qilinganligini isbotlovchi fotosuratlar aniqlanmagan.
LiveBarchasi