MSK Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgaritirish kiritish taklifini bildirmoqda. MSKning rasmiy axborotida ta’kidlanishicha, Konstitutsiyaning 117-moddasiga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj mavjud. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o‘zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.

Bir nomzod bir vaqtning o‘zida 2 ta mahalliy vakillik organi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatilgan holatlarda, uning saylovoldi targ‘ibotini olib borish, uchrashuvlar o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga bir qator so‘rovlar kelib tushgan. 

Shu bois MSK tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga bir nomzod faqat bitta saylov okrugidan va bitta mahalliy vakillik organiga saylanishi mumkinligi to‘g‘risida qoidani o‘rnatish taklif qilinmoqda. 

Ma’lumot o‘rnida, Siyosiy partiyalarning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek bir qator qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilingan paytda 5 ta siyosiy partiya, xususan O‘zLiDeP, “Milliy tiklanish” DP, XDP, “Adolat” SDP va Ekopartiya Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular turli siyosiy g‘oya va qarashlarni ilgari suradi.

O‘zbekistonda Oliy Majlis va Xalq deputatlari tuman, shahar, viloyat kengashlariga o‘tkazilgan saylovda, 2019 yil 11 noyabrda barcha siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan 750 nafar Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatga olindi. Saylov kuniga qadar 6 nafar nomzod o‘z arizasiga ko‘ra nomzodlik maqomidan voz kechdi. Saylovga qo‘yilgan nomzodlarning jami soni 744 nafarni tashkil etdi.

Shuningdek, tegishli saylov komissiyalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari deputatligiga 4 155 nafar hamda Xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari deputatligiga 28 601 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy saylov komissiyasi

Baholaganlar

95

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing