E-Saylov: MSK va OAVlar o‘rtasidagi jarayonlar soddalashtirilmoqda
Jamiyat
−
13 Sentabr
1620Bugun, 13 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan “Yangilangan saylov qonunchiligiga ko‘ra saylovlarni tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari hamda OAV vakillarining ishtiroki masalalari” mavzusida seminar-treninglar tashkil etildi. Unda respublikada faoliyat olib boruvchi ommaviy axborot vositalarining 100 ga yaqin vakillari ishtirok etdi.
O‘quv-amaliy mashg‘ulotlardan ko‘zlangan maqsad saylov jarayonlarini yoritishda ishtirok etuvchi OAV vakillariga yangilangan saylov qonunchiligining muhim jihatlarini tushuntirish, shuningdek, saylov jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan “E-Saylov” axborot tizimidan foydalanish tartib-tamoyillari va ovoz berish jarayonlarida amalga oshirilgan bir qancha o‘zgartirishlar bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulotlarni ochib bergan Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov yangilangan saylov qonunchiligiga ko‘ra, saylovlarni tashkil etishning o‘ziga xos jihatlari simulyatsion saylov uchastkasida amaliy ko‘nikmalar misolida tushuntirib o‘tdi. Shuningdek, nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi, OAV vakillarining huquq va majburiyatlariga doir axborotlar berdi.
“Saylovchilarda fikr shakllantirish kerak. Albatta, bu fikrni shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni juda muhim hisoblanadi. Nafaqat siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti bilan, balki OAV orqali ham saylovchilarda ovoz berish uchun erkin tanlov shakllantirish zarur. Ularni faqatgina ovoz berishdan emas, saylov tushunchasi, saylov jarayoni, saylovchining va nomzodlarning haq-huquqlari va hokazolardan boxabar qilish kerak”, dedi Bahrom Kuchkarov so‘zining so‘ngida.
Bo‘lib o‘tgan seminarda ham yuqorida sanab o‘tilgan mavzular ko‘tarildi. Ular yuzasidan savol-javoblar tashkillashtirildi.
Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekistonda ilk bor saylovlar sohasida yangi joriy etilgan “E-Saylov” axborot tizimining imkoniyatlari va undan foydalanishga doir ma’lumotlar va muhim tavsiyalar berib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, “E-Saylov” axborot tizimi saylov jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq raqamlashtirish, saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakatini qisqartirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, saylovlarga oid ma’lumotlarning yanada ochiqligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.
“E-Saylov” axborot tizimi orqali saylov jarayonlariga oid deyarli 60 turdagi munosabatlar to‘liq raqamlashtirildi. Ushbu jarayonlardan biri bu – OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hisoblanadi.
Ta’kidlash kerakki, saylovlarda OAV vakillarini akkreditatsiya qilish masalasi ilk bor elektron shaklda amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan “E-Saylov” axborot tizimidagi akkreditatsiyaga oid imkoniyatlar OAV vakillariga batafsil onlayn tarzda tushuntirib berildi.
“E-Saylov” axborot tizimi orqali joriy etilgan akkreditatsiya qilish tartibi saylovlarning yanada ochiqligini va unda OAV ishtirokini qo‘llab-quvvatlash maqsadida sezilarli darajada soddalashtirildi. Xususan, akkreditatsiya uchun ariza berishda quyidagi 3 turdagi hujjatlarni taqdim etish talab etilmasligi seminarda qayd etildi:
- xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
- OAVning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;
- xodimning elektron fotosurati.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng, OAVning har bir vakillarining mandatlari tizim orqali elektron tarzda shakllantiriladi.
Shu bilan birga, seminarda “E-Saylov” axborot tizimining yana bir muhim jihati – OAV vakillariga saylov kampaniyasi davrida saylovga oid zarur axborotlar haqida SMS-xabarnomalar yuborib turilishi ma’lum qilindi.
Munozara tarzida bo‘lib o‘tgan seminar-treninglarda ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga Markaziy saylov komissiyasi ekspertlaridan batafsil javob oldi.
Shuningdek, seminar tashkilotchilari kelgusida bo‘lishi kutilayotgan ovoz berish jarayonlariga kiritilgan o‘zgartirishlarni OAV vakillariga amaliy ko‘rsatib berdi. Jumladan, endilikda saylov byulletenlari to‘rtta turli xil ranglardan iborat bo‘ladi. Bu esa ovoz sanash jarayonlarini yanada osonlashtiradi. Avval byulleten qutisi oldida hech qanday nazoratchi bo‘lmagan bo‘lsa, bu yilgi ovoz berish jarayonida shu vazifani bajaruvchi shaxs biriktiriladi.
Bildirilishicha, joriy yilning 4 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Unga ko‘ra, bir necha marta saylov byulletenini berganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, saylov komissiyasining yoki referendum o‘tkazuvchi komissiyaning a’zosi tomonidan fuqaroga bir necha marta yoki boshqa shaxslar nomidan ovoz berish uchun saylov (ovoz berish) byulletenini berganlik uchun javobgarlik belgilangani eslatib o‘tildi.
Rayhona Ulkanboyeva
LiveBarchasi