Gruziyada MSK raisining yuziga bo‘yoq sepildi (video)
Olam
−
16 noyabr
4962Gruziyada joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarining yakuniy natijalari e’lon qilindi. Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishi davomida MSK raisining yuziga bo‘yoq sepildi. Bu haqda bugun, 16 noyabr kuni “Publika” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishi muxolifat va ularning tarafdorlari tomonidan bino oldida o‘tkazilgan norozilik namoyishlari fonida o‘tgan. Bundan tashqari, yig‘ilish boshida muxolifat vakili, MSK a’zosi David Kirtadze Markaziy saylov komissiyasi raisi Georgiy Kalandarishivili yuziga va kostyumiga qora bo‘yoq sepgan. Majlis qisqa tanaffusdan keyin davom etgan. Kalandarishivili bo‘yoq ko‘ziga tekkani sababli yig‘ilishni ko‘zidagi bog‘lam bilan olib borgan.
Markaziy saylov komissiyasi kotibi Georgiy Javaxishviliga ko‘ra, “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” hukmron partiyasi parlament saylovlarida 53,93 foiz ovoz to‘plab, qonunchilik organida 150 o‘rindan 89 tasini qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, barcha partiyalar tomonidan qo‘lga kiritilgan ovoz foizlari ham e’lon qilingan. 5 foizlik saylov to‘sig‘idan o‘tgan partiyalar qatoriga hukmron partiyadan tashqari yana to‘rt muxolif partiya kiradi:
- “O‘zgarishlar uchun koalitsiya” – 11,03 foiz ovoz va 19 mandat;
- “Yagona milliy harakat” – 10,17 foiz ovoz va 16 mandat;
- “Kuchli Gruziya” – 8,81 foiz ovoz va 14 mandat;
- “Gaxariya Gruziya uchun” – 7,78 foiz ovoz va 12 mandat.
Ma’lumotlarga ko‘ra, saylovda 3,5 milliondan ortiq saylovchidan 2,1 million nafari ovoz bergan. 34,9 mingga yaqin byulleten haqiqiy emas deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze jurnalistlar bilan suhbatda mamlakatda prezidentlik saylovlari, ehtimol, 2025 yil yanvar oyining boshida bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi