Moskvadagi reyddan keyin 800 dan ortiq migrant deportatsiya qilindi
Olam
−
10 aprel
7543Moskvada noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘tkazilgan reyd davomida politsiya 6 mingdan ortiq qoidabuzarliklarni aniqlab, 800 dan ortiq noqonuniy migrantni Rossiyadan chiqarib yuborishga qaror qildi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Politsiyaning aniqlik kiritishicha, reyd davomida xavfsizlik kuchlari tomonidan uy-joy sektori, ulgurji va chakana savdo, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, qurilish va boshqa ob’ektlardagi 10 mingdan ortiq ob’ekt ko‘zdan kechirilgan. Natijada 6 mingdan ortiq migratsiya qonunchiligi buzilishi aniqlanib, Ma’muriy Kodeksning 18.8-moddasi (xorijiy fuqaroning kirish qoidalarini buzishi) bo‘yicha 4,5 mingdan ortiq, 18.9-moddasi (xorijiy fuqaroning mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzishi) bo‘yicha 500 dan ortiq, 18.10-moddasi (chet el fuqarosi tomonidan noqonuniy ishga joylashish) bo‘yicha 350 dan ortiq bayonnomalar tuzilgan.
“502 ish beruvchi Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 18.15-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi. Shuningdek, davom etayotgan tadbir doirasida IIB xodimlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan 22 nafar shaxs aniqlandi. 836 nafar chet el fuqarosini Rossiya Federatsiyasidan ma’muriy chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi IIV xabarida.
Shuningdek, surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan noqonuniy migratsiyani tashkil etish bo‘yicha 192 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shundan 14 tasi noqonuniy migratsiyani tashkil etish, 110 tasi migrantlarni soxta ro‘yxatga olish va hisobga qo‘yish, 68 tasi hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ichki ishlar vazirligi kollegiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yish masalalariga e’tibor qaratish bo‘yicha topshiriq bergandi.