Moskvadagi portlashda gumondorning o‘zi ham halok bo‘lgan – OAV
Olam
−
04 fevral 10299 2 daqiqa
Kecha, 3 fevral kuni Rossiya poytaxti Moskvadagi “Aliye parusa” turarjoy majmuasida yuz bergan portlashda jarohatlangan “ArBat” alohida maxsus bo‘linmalari batalonining asoschisi Armen Sarkisyan shifoxonada vafot etgandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, majmuada sodir bo‘lgan portlashni sodir etgan erkakning o‘zi ham ushbu jarayon davomida halok bo‘lgan. Bu haqda favqulodda xizmatlarga tayanib, TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu portlashni sodir etgan shaxs kimligi haligacha aniqlanmagan.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Sarkisyanni o‘ldirish uchun portlovchi moslamani ishga tushirgan shaxs voqea joyida vafot etgan. Uning shaxsi aniqlanmoqda. Tergov qotillikning jinoiy versiyasi ustida ishlamoqda”, deyiladi xabarda.
Huquq-tartibot idoralarining ma’lum qilishicha, tergov Sarkisyanning o‘ldirilishining bir qancha sabablarini, jumladan, shaxsiy qasosni ham ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Sarkisyan Gorlovkaning faxriy fuqarosi, u yoshligida Armanistondan Donbassga ko‘chib o‘tgan. 2022 yilda Donbassda u boshchiligida “ArBat” yoki arman bataloni Rossiyaning Ukrainaga bosqinida ishtirok etish uchun tuzilgan. Bu “Pyatnashka” xalqaro brigadasi tarkibidagi maxsus kuchlar bo‘linmasi sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 17 dekabr kuni ertalab Moskvaning Ryazanskiy tumanidagi turarjoy binosiga kiraverishi yonida turgan samokatga o‘rnatilgan portlovchi qurilma ishga tushirilishi oqibatida Rossiya Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov halok bo‘lgandi. Suiqasdda gumon qilinib, o‘zbekistonlik 29 yoshli Ahmad Qurbonov ushlangan. Yanvar oyida generalning o‘ldirilishida gumon qilingan yana ikki kishi – Ramazon Padiyev hamda Botuxon Tojiyev hibsga olindi.