Moskvada terakt qurbonlari 60 nafardan oshdi
Olam
−
23 mart
8111Moskvadagi “Krokus Siti Holl”da sodir etilgan terakt oqibatida 60 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
“Avvalroq terakt oqibatida 60 dan ortiq kishi halok bo‘lgani aniqlangan. Afsuski, qurbonlar soni ortishi mumkin”, deya ma’lum qilgan departament.
Qayd etilishicha, Rossiya Tergov qo‘mitasining tergovchilari, kriminologlari va ekspertlari Ichki ishlar vazirligi va Federal xavfsizlik xizmati tezkor bo‘linmalari bilan birgalikda voqea joyida tergov harakatlarini davom ettirmoqda.
“O‘lganlarning jasadlari ko‘zdan kechirilmoqda. Voqea joyidan ashyoviy dalillar, jumladan, qurol va o‘q-dorilar musodara qilinmoqda, barcha zaruriy ekspertiza tayinlangan va hozirdanoq o‘tkazilmoqda, jumladan genetik, ballistik va barmoq izlari”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, tergovchilar videokuzatuv kameralari tasvirlarini olib, o‘rganmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 mart kuni kechasi Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida noma’lum shaxslar otishma boshladi, binoda portlash sodir bo‘ldi va yong‘in chiqdi.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida uch kishi bo‘lgan qurollangan shaxslar o‘t ochgan.
Binoning uchdan bir qismi yonib ketgan, atrofni quyuq qora tutun qoplagan. O‘t o‘chiruvchilar odamlarni tom orqali olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va 100 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi terakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Hozirda teraktdan keyin shifoxonalarda 110 nafar kattalar va 5 nafar bola yotibdi, 60 nafar kattalarning ahvoli og‘ir. Bu haqda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobev ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev terakt munosabati bilan Prezident Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi teraktni qoraladi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi terakt oqibatida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar borligi haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi.
LiveBarchasi