Markaziy osiyolik shaxs Rossiyada terakt sodir etishga uringanda ushlandi (video)

Olam

image

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Stavropol o‘lkasidagi Pyatigorsk shahri prokuraturasi binosi yaqinida sodir etilishi rejalashtirilgan teraktning oldi olinganini ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, mazkur ish yuzasidan Markaziy Osiyo davlatlaridan biri fuqarosi ushlangan. Bu haqda TASS xabar berdi.

FXX Jamoatchilik bilan aloqalar markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2001 yilda tug‘ilgan gumonlanuvchi Rossiyada taqiqlangan xalqaro terrorchilik tashkiloti tarafdori bo‘lgan. Idoraning bildirishicha, u Suriyada bo‘lgan tashkilot vakili ko‘rsatmasi va muvofiqlashtiruvi ostida Pyatigorsk prokuraturasi binosi yaqinida bombani masofadan turib portlatishni rejalashtirgan.

FXXning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi hududni o‘rgangan, qo‘lbola portlovchi qurilma tayyorlash uchun zarur bo‘lgan tarkibiy qismlar va moddalarni sotib olgan. Idoraga ko‘ra, teraktdan keyin u Suriyaga borib, terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishni rejalashtirgan.

Tintuv vaqtida undan qo‘lbola portlovchi qurilma yasash uchun mo‘ljallangan tarkibiy qismlar, kimyoviy moddalar va zarar yetkazuvchi elementlar musodara qilingan. Bildirilishicha, hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining terrorchilik aktini sodir etishga tayyorgarlik ko‘rish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

FXX, shuningdek, Rossiya qonunchiligiga muvofiq, terakt tayyorlashda ishtirok etgan shaxs o‘z vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni ogohlantirish yoki boshqa yo‘l bilan teraktning oldi olinishiga ko‘maklashsa, uning harakatlarida boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmagan taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligini eslatgan. Idora, shuningdek, jinoyatni ixtiyoriy ravishda oxiriga yetkazishdan voz kechgan shaxs ham qonunga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortilmasligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Telegram orqali terroristik guruh safiga qo‘shilishga da’vat qilingan, biroq bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermagan o‘zbekistonlikka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing