Egizaklar fojiasi: 11 sentyabr teraktlarida ayblanayotganlar sudi qachon bo‘lishi aytildi

Olam

image

2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlarni tashkil etishda ayblanayotgan Xolid Shayx Muhammad va uning 3 nafar sherigi ustidan harbiy tribunal sudi 2028 yil iyun oyida boshlanadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSH Harbiy-havo kuchlari podpolkovnigi Maykl Shrama 5 iyun kuni sud jarayonini boshlash haqida qaror chiqargan. Ushbu ish Guantanamo qamoqxonasida saqlanayotgan 4 nafar gumonlanuvchi bilan bog‘liq bo‘lib, ularning sud jarayoni qariyb 20 yildan beri huquqiy bahslar tufayli kechikib kelgan.

Manbaga ko‘ra, sudda Xolid Shayx Muhammaddan tashqari Valid Muhammad Solih Muborak bin Atosh, Mustafo Ahmad Odam al-Havsaviy va Ali Abdul Aziz Ali ham ayblanuvchi sifatida ishtirok etadi.

Ma’lum qilinishicha, jarayon harbiy xizmatchilardan iborat hay’atni tanlashdan boshlanadi. Hay’at shakllantirilganidan 30 kun o‘tib tomonlarning kirish nutqlari eshitiladi, shundan so‘ng prokuratura dalillarni taqdim etadi. Keyin himoya tomoni o‘z dalillarini keltirishi mumkin.

Bildirilishicha, sudya prokuraturaning sudni 2027 yil yanvarda boshlash taklifini rad etgan. Uning ta’kidlashicha, bunday muddat sudgacha bo‘lgan dalillar va protsessual masalalarni hal qilish uchun yetarli emas.

O‘tgan oy AQSH apellyatsiya sudi Muhammad va uning 2 sherigiga aybini tan olish bo‘yicha kelishuv asosida suddan oldin kelishuv tuzish imkonini bermagan. Mazkur kelishuv ularni o‘lim jazosidan saqlab qolishi mumkin edi.

Ma’lumot uchun, Xolid Shayx Muhammad 11 sentyabr teraktlarining asosiy tashkilotchisi sifatida ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u yo‘lovchi samolyotlarini olib qochib, ularni Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi va Pentagon binolariga urilishini rejalashtirishda ishtirok etgan. Hujumlar oqibatida qariyb 3 ming kishi halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va AQSH prezidentlarining kelishuviga binoan Federal xavfsizlik xizmati (FXX) va Markaziy razvedka byurosi (MRB) Usoma bin Lodinni yo‘q qilish bo‘yicha hamkorlikdagi operatsiyani tayyorlagani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing