Moskvada 100 ga yaqin o‘zbekistonlik maoshini ololmayotgani aniqlandi

Olam

image

Rossiya poytaxti Moskvada “Dinamik Grupp” kompaniyasida ishlovchi 100 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi maoshi to‘lab berilmayapti. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning yilning 4 fevral kuni Moskva shahrida joylashgan “Dinamik Grupp” kompaniyasida ishlayotgan 100 nafarga yaqin o‘zbekistonlikdan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasiga ish beruvchi tomonidan oylik maoshi o‘z vaqtida berilmayotgani yuzasidan murojaat kelib tushgan.

O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, ushbu kompaniyaga o‘zbekistonliklar mustaqil ravishda ishga joylashgan. Ish beruvchi vakillari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida 2021 yil dekabr oyi uchun ish haqlari to‘lab berilgan va 2022 yil yanvar oyi uchun ish haqlari mart oyida to‘lib berilishi haqida va’da olingan.

Joriy yilning 16 mart kuni vaziyat qayta monitoring qilinganda ish beruvchi tomonidan berilgan va’da bajarilmagani ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng, Vakolatxona tomonidan ish beruvchi tashkilot ustidan Moskva shahri Solnsevo tumani bo‘yicha tumanlararo prokuraturasiga murojaat qilingan.

Ta’kidlanishicha, fuqarolarning bir qismi ushbu tashkilotga mehnat shartnomasi tuzmasdan ishga jalb qilingan va patent avans to‘lovi uchun bankdan mikroqarz olgan.

“Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda hamda Vakolatxona tomonidan "Rostrud", shahar prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar tayyorlanmoqda”, deyiladi agentlik xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Moskva

Baholaganlar

151

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing