Monakodagi portlashda gumonlangan ayol Kiyev yaqinida otib o‘ldirildi

Olam

image
Monakoda o‘tgan hafta ukrainalik tadbirkorga uyushtirilgan portlashda gumon qilingan ukrainalik ayolning jasadi Ukraina poytaxti Kiyev yaqinidan topildi. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni “Ukrainskaya Pravda” xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ayol o‘qotar qurol bilan otib o‘ldirilib, uning jasadi 6 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:00 atrofida topilgan. 39 yoshli Anastasiya Berezovskaya Interpolning qizil bildirishnomasida asosiy gumondor sifatida ko‘rsatilgan. Unda Berezovskaya Ukraina fuqarosi ekani, nemis tilida so‘zlashishi hamda Monako hukumati tomonidan qasddan odam o‘ldirishga urinish, jamoat joyiga portlovchi moslama joylashtirish va jinoiy til biriktirish ayblovlari bilan qidiruvga berilgani qayd etilgan.

Monako Bosh prokurori o‘rinbosari o‘tgan hafta hujumni amalga oshirgan shaxs voqeadan so‘ng piyoda Fransiyaga o‘tganini, keyin esa avtomobilda Italiya orqali Germaniyaga qochib ketganini ma’lum qilgan edi.

Manbalarga ko‘ra, portlash oqibatida asli Ukrainada tug‘ilgan tadbirkor Vadim Yermolayev, uning turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li jarohat olgan.

Nashr yana bir huquqni muhofaza qiluvchi organ manbasiga tayanib, ushbu ish yuzasidan allaqachon ikki nafar gumondor qo‘lga olinganini xabar qilgan. Ularning biri Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (HUR) xodimi, ikkinchisi esa sobiq huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi ekani aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, Vadim Yermolayev 2019 yilda Kipr fuqaroligini olgan. U 2023 yilda Ukraina sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, Ukraina OAVlari buning sababi sifatida Rossiya nazoratidagi Qrim hududida biznes yuritgani ko‘rsatilganini yozgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Monakodagi turarjoy binolaridan birining kirish qismida sodir bo‘lgan portlash oqibatida ukrainalik oligarx Vadim Yermolayev va uning yaqinlari jabrlangani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat bo‘yicha tergovchilar hujum ortida Ukraina Xavfsizlik xizmati turishi mumkinligi haqidagi ehtimolni ham ko‘rib chiqayotgani aytilgandi.
 

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing