Moliyalashtirish qisqarishi tufayli 278 million bola o‘qiy olmaydi – BMT

Olam

image

Ta’lim uchun global moliyalashtirish keskin kamaymoqda. Shu sababli, 2026 yilga borib yana qariyb 6 million bola maktabda o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar fondi (UNICEF) xabar berdi.

Prognozlarga ko‘ra, yuqori daromadli davlatlar tomonidan ta’lim maqsadlariga ajratiladigan rasmiy yordam hajmi 3,2 milliard dollarga kamayadi. Bu 2023 yilga nisbatan 24 foizlik pasayish demakdir. Ushbu qisqartirishning qariyb 80 foizi atigi uchta donor mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Bunday qisqarish maktabga bormaydigan bolalar sonini 272 milliondan 278 milliongacha oshiradi. Bu xuddi Germaniya va Italiyadagi barcha boshlang‘ich maktablar yopilganidek bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Eng katta yo‘qotishlar allaqachon ta’lim tizimi zaif bo‘lgan hududlarda kuzatilishi kutilmoqda. Asosiy zarba boshlang‘ich ta’limga tegadi: unga ajratiladigan yordam uchdan biriga qisqarishi mumkin. UNICEF hisob-kitoblariga ko‘ra, bu ta’lim sohasidagi global inqirozni chuqurlashtiradi va maktabga bormaydigan bolalar uchun kelajakda mehnat bozorida muammolar keltirib chiqaradi.

Moliyalashtirish qisqarishi faqat darslarni emas, balki ko‘plab bolalar uchun yagona barqaror oziq-ovqat manbai bo‘lgan ovqatlantirish dasturlarini ham xavf ostida qoldiradi.

UNICEF donorlarni ta’limga ajratiladigan barcha yordamning kamida yarmini eng kam rivojlangan mamlakatlarga yo‘naltirishga, gumanitar dasturlarni moliyalashtirishni saqlab qolishga va erta hamda boshlang‘ich ta’limga ustuvor ahamiyat berishga chaqirmoqda. Shuningdek, tashkilot moliyalashtirish tizimini yanada barqaror va samarali qilish uchun islohotlarni talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ekspertlari 2023 yilning 7 oktyabridan beri Isroilning harbiy harakatlari oqibatida G‘azoda kamida 21 ming bola nogiron bo‘lib qolgani haqida xabar bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ta'lim UNICEF

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing