Isroil tufayli G‘azoda 21 ming bola nogiron bo‘lib qoldi – BMT

Olam

image

2023 yilning 7 oktyabridan beri Isroilning harbiy harakatlari oqibatida G‘azoda kamida 21 ming bola nogiron bo‘lib qoldi. Bu haqdagi ma’lumotlar BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ekspertlari tomonidan ma’lum qilindi.

Qo‘mita a’zolarining taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning 7 oktyabridan 2025 yilning 21 avgustiga qadar G‘azoning 157 mingdan ortiq aholisi jarohatlangan. Ularning 25 foizi umr bo‘yi nogiron bo‘lib qolish xavfi ostida.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning 7 oktyabr kuni HAMAS tarafdorlari G‘azo sektoridan Isroil hududiga kirganidan keyin Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgan edi. Chunki o‘shanda HAMAS G‘azo-Isroil chegarasi hududidagi aholini o‘ldirib, 250 dan ortiq kishini garovga olgandi.

Bunga javoban Isroil anklavda HAMASning harbiy va siyosiy tuzilmalarini yo‘q qilish va o‘g‘irlab ketilgan odamlarni qaytarish uchun harbiy operatsiya boshladi.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy amaliyotlar oqibatida 63 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 161 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, 367 nafar mahalliy aholi, jumladan, 131 nafar bola ochlikdan vafot etgan.

18 nafar mustaqil ekspertdan iborat BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi kelishuv asosida ish olib boruvchi organ hisoblanadi.

U “Nogironlar huquqlari to‘g‘risi”dagi konvensiyaning ishtirokchi-davlatlar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi. 2025 yil sentyabr holatiga ko‘ra, konvensiyani 193 davlat ratifikatsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro genotsid tadqiqotchilari assotsiatsiyasi olimlari Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari “genotsid” mezonlariga mos kelishini ma’lum qilgandi. Bu harakat 63 mingdan ortiq odam vafot etgandan keyingina amalga oshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing