Misr G‘azo qochqinlari uchun chegarasini ochmaydi

Olam

image

Misr hukumati G‘azo sektoridan qochqinlar va ko‘chirilayotganlar o‘tishi uchun yo‘lak ochmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Misr xavfsizlik xizmatidagi manbalariga tayanib, Isroilning “The Jerusalem Post” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ko‘pincha Isroil va Falastin o‘rtasida vositachi bo‘lib kelgan Qohira hamon ulardan “o‘z chegaralaridagi mojarolarni hal qilish”ni talab qilmoqda, chunki buni “Falastinning davlatchilik huquqini ta’minlash”ning yagona yo‘li deb hisoblamoqda. 

“Misr AQSH va boshqa davlatlar bilan o‘z chegaralari orqali G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazish rejalarini muhokama qildi, biroq anklavni tark etayotgan qochqinlar uchun xavfsiz yo‘laklar yaratish bo‘yicha har qanday qadamlardan bosh tortdi”, deya ta’kidlaydi gazeta.

Misr va BMT avvalroq G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatning yomonlashuvini qabul qilib bo‘lmas deb hisoblab, tinch aholini himoya qilish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mavjud vaziyat mintaqa xavfsizligiga real tahdid solayotganidan xavotir bildirib, Misrning Falastin anklaviga gumanitar yordam yetkazilishini osonlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishladi. Shuningdek, BMT Qohira bilan Misrdan G‘azoga gumanitar yordam yetkazish yo‘laklarini yaratish ustida ish olib borayotganini aytdi.

Shu bilan birga, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Qo‘shma Shtatlar Misr va Isroil bilan qochqinlarning G‘azodan chiqib ketishi uchun yo‘lak yaratish imkoniyatini faol muhokama qilayotganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amerika Qo‘shma Shtatlari boshqa qator davlatlar bilan birgalikda G‘azo sektoridan falastinliklar va amerikalik fuqarolarni evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘lak yaratish ustida ishlayotgani xabar qilingandi.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Misr Falastin Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing