AQSH G‘azodan Misrga gumanitar koridor yaratishni rejalashtirmoqda – OAV

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari boshqa qator davlatlar bilan birgalikda G‘azo sektoridan falastinliklar va amerikalik fuqarolarni evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘lak yaratish ustida ishlamoqda. Bu haqda Isroilning KAN jamoat telekanali xabar berdi.
 
Qayd etilishicha, bu sa’y-harakatlar Isroilning G‘azo sektorida quruqlikdan operatsiya boshlashi ehtimoli ortib borayotgani fonida amalga oshirilmoqda.
 
Falastinliklarga G‘azodan qachon evakuatsiya qilinishi va Misrda qayerga joylashtirilishi haqida batafsil ma’lumot berilmagan.
 
AQSHning Isroildagi elchixonasi matbuot kotibi misrliklar nomidan gapira olmasligini, biroq ular bunga ruxsat berishiga ishonchi komil ekanini aytgan.
 
Hozircha Misr tomonidan ma’lumot yuzasidan rasmiy izoh berilmagan.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.

So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 1055 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 5184 kishi yaralangan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar esa 1200 nafarga yetgan. 2600 odam esa jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Misr Isroil G'azo gumanitar koridor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made