Misr bezgakdan xoli davlatlar qatoriga qo‘shildi
Olam
−
22 Oktabr
1351Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Misrni bezgakdan xoli davlat sifatida sertifikatladi. Tashkilot olingan sertifikat davlatning deyarli 100 yillik sog‘liqni saqlash sohasidagi sa’y-harakatlari uchun muhim yutuq bo‘lganini qayd etdi. Bu haqda JSST veb-saytida e’lon qilindi.
“Misrning bezgakdan xoli davlat sifatida sertifikatlanishi haqiqatan ham tarixiy voqea bo‘lib, Misr xalqi va hukumatining ushbu qadimiy ofatdan qutulishga sodiqligining isbotidir”, deya JSST rahbari Tedros Adanom Gebreisusning so‘zlarini keltirdi tashkilot matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, bezgakni yengganlik to‘g‘risidagi sertifikat JSST tomonidan mamlakatda uch yil davomida bezgak chivinlari orqali infeksiya uzatilish zanjiri uzilgan taqdirda beriladi. Misr Birlashgan Arab Amirliklari va Marokashdan keyin Sharqiy O‘rtayer dengizi mintaqasida ushbu sertifikatni olgan uchinchi davlat bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bezgak Misrda miloddan avvalgi 4000 yilda aniqlangan. Ushbu kasallikning genetik dalillari mumiyolar, shu jumladan, Tutanxamon mumiyosini o‘rganish jarayonida topilgan. Insonlarning chivinlar bilan aloqasini kamaytirishga bo‘lgan dastlabki urinishlar 1920 yillarda amalga oshirilgan bo‘lib, o‘sha vaqtda mamlakatda uylar yaqinida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga taqiq qo‘yilgan edi (o‘sha paytda aholi ko‘proq Nil bo‘ylab yashagan). 1930 yillarda mamlakatda bezgakni nazorat qilish va davolash uchun birinchi stansiya ochilgan. Shundan beri mamlakat bu kasallikka qarshi kurashib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iordaniya moxovni yenggan dunyodagi birinchi davlatga aylangan edi. 20 yildan ortiq vaqt davomida Iordaniyada moxov bilan bog‘liq holatlar qayd etilmagan.
LiveBarchasi