Mirzoyan va Bayramov yana Germaniyada uchrashdi (video)
Olam
−
28 fevral
3483Bugun, 28 fevral kuni Berlinda Armaniston va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan va Jayhun Bayramov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda ikki davlatning ham Tashqi ishlar vazirliklari ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, Yerevan va Baku delegatsiyalarining muzokaralari 17 fevral kuni Myunxenda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Germaniya kansleri Olaf Shols o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuvda erishilgan kelishuvga muvofiq amalga oshirilgan.
Uchrashuv “Tinchlik va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma”ni muhokama qilish uchun o‘tkazilmoqda.
Qayd etilishicha, avvalroq Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Baku va Yerevan o‘rtasidagi muzokaralarda ma’lum tanaffus bo‘lganiga qaramay, tinchlik shartnomasi matni ustida ishlash davom etganini, Myunxendagi uchrashuvdan so‘ng ishni qayta boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ta’kidlagan.
Hozirda muzokaralar davom etmoqda va yakuniy natijalardan hali darak yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, amaliy tashrif bilan Fransiyaga borgan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan va Baku o‘rtasida tinchlik o‘rnatish hali ham imkonsiz, deb bilishi va Armanistonga yangi hujum ehtimolini taxmin qilayotganini aytgandi. Buning ortidan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Pashinyanning iddaolariga o‘z munosabatini bildirib chiqdi.
LiveBarchasi