Armaniston va Ozarbayjon orasidagi tinchlik hali ham imkonsiz – Pashinyan
Olam
−
23 fevral
3207Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan va Baku o‘rtasida tinchlik o‘rnatish hali ham imkonsiz, deb hisoblaydi. Bu haqda u kecha, 22 fevral kuni “France 24” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
"Agar Ozarbayjon Armanistonni "G‘arbiy Ozarbayjon" deb hisoblasa va bunga yaqinda sodir bo‘lgan voqealarni qo‘shsak, buning iloji yo‘qligi ayon bo‘ladi. Hozirda bu tinchlikni tasavvur qilib bo‘lmaydi", deydi Pashinyan.
Pashinyanning iddaosicha, agar Bakuning bayonotlari inobatga olinsa, Armanistonga yangi hujum ehtimolini taxmin qilish mumkin.
Qayd etish joizki, 12 fevral kuni Ozarbayjon Davlat chegara xizmati Armaniston hududidan o‘qqa tutilishi oqibatida ozarbayjonlik chegarachi yaralanganini ma’lum qildi. 13 fevral kuni ertalab Davlat chegara xizmati bunga javoban “javob operatsiyasi” o‘tkazdi, natijada Armanistonning jangovar posti yo‘q qilindi. Yerevanda to‘rt arman askari halok bo‘ldi.
16 fevral kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston hududidan Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalari o‘qqa tutilgani haqida xabar berdi. Yerevan esa Bakuning bayonotini dezinformatsiya deb atadi.
“Biz Ozarbayjonning yaqindagi hujumi bo‘yicha tergov o‘tkazishni talab qildik, ammo shunga qaramay, Ozarbayjon vaziyatdan o‘z ritorikasini kuchaytirish uchun foydalanmoqda. Bularning barchasi Ozarbayjon Armanistonga qarshi yangi hujum tayyorlayapti, degan fikrni uyg‘otadi”, deydi Pashinyan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Pashinyan Armaniston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi ishtirokini to‘xtatganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi