Ozarbayjon Pashinyanning iddaolariga javob qaytardi

Olam

image

Avvalroq, amaliy tashrif bilan Fransiyaga borgan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Yerevan va Baku o‘rtasida tinchlik o‘rnatish hali ham imkonsiz, deb bilishi va Armanistonga yangi hujum ehtimolini taxmin qilayotgani haqida xabar bergan edik. Ushbu iddaolar yuzasidan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi o‘z munosabatini bildirdi.

Vazirlikka ko‘ra, Armanistonning Ozarbayjonga qarshi asossiz ayblovlari mintaqada keskinlik yaratish va tinchlik jarayoniga yana bir zarba berishni maqsad qilgan.

TIV Pashinyanning bayonotlari Germaniya kansleri Olaf Shols tashabbusi bilan uchrashuvdan so‘ng, nega aynan Fransiyada aytilganiga urg‘u bergan.

“Bu bayonotlar Germaniya kansleri tashabbusi bilan uch mamlakat rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng, Armaniston tomonidan aytildi. Pashinyan yangi g‘oyalari uchun joy sifatida Fransiyani tanladi. Buni Armaniston tomonidan Germaniyaning sa’y-harakatlariga hurmatsizlik belgisi va Fransiyaning tinchlik jarayoniga salbiy ta’siri davom etayotgani deb baholash mumkin", deyilgan vazirlik bayonotida.

Shuningdek, vazirlik go‘yo Ozarbayjonning Armanistonga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani, mamlakatning xalqaro huquq tamoyillariga amal qilmasligi kabi da’volar mavjud faktlarni buzib ko‘rsatish va xalqaro hamjamiyatni chalg‘itishga qaratilganini qo‘shimcha qilgan. 

"Yaqinda ommaviy harbiylashtirish siyosatini olib borgan va qariyb 5 oy davomida mintaqada barqarorlikni buzgan Armaniston tomonining bu qadamlarini yashirish maqsadida G‘arbiy Ozarbayjon hamjamiyatining chaqiriqlarini, shuningdek, Armanistonning asossiz bayonotlarga bergan javoblarini bahona qilib, mamlakatimiz urushga tayyorgarlik ko‘rayotganini da’vo qilish mutlaqo asossizdir", degan Ozarbayjon TIV.

Bundan tashqari, Armaniston Konstitutsiyasida, amaldagi qonun hujjatlarida, uning rasmiy xat va bayonotlarida, xalqaro tashkilotlar va sudlar tomonidan chiqarilgan hujjatlarda Ozarbayjonning hududiy yaxlitligiga qarshi da’volarning davom etishi yuqoridagi holatlarga dalil sifatida keltirilgan.

"Turli xalqaro platformalardan foydalanib, mamlakatimizga qarshi tajovuzkor tuhmatchi ritorikani yuritayotgan Armaniston tomonini tinchlik istiqboliga putur yetkazuvchi bayonotlar berishni to‘xtatishga hamda Janubiy Kavkaz mintaqasini tinchlik va hamkorlik maskaniga aylantirish uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishga chaqiramiz", deyiladi bayonot nihoyasida.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Pashinyan Tashqi ishlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing