Shols Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasiga tushdi (video)
Olam
−
17 fevral
5382Armaniston va Ozarbayjon tinchlik shartnomasi ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldi. Bu haqda Ozarbayjon Davlat axborot agentligi ma’lum qildi.
Joriy yilning 16-18 fevral kunlari bo‘lib o‘tayotgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Nikol Pashinyan, Olaf Shols va Ilhom Aliyev o‘rtasida bir necha soat avval uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
"Armaniston-Ozarbayjon munosabatlarini hal qilish jarayoni hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qadamlar muhokama qilindi. Tinchlik shartnomasi ustida ishlashni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi", deyiladi xabarda.
Pashinyan bo‘lsa ikki davlat o‘rtasida keskinlikning yangi bosqichi kuzatilayotganini bildirgan.
“Afsuski, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida so‘nggi paytlarda keskinlikning yanada kuchayishi kuzatilmoqda, bu esa katta yo‘qotishlarga olib keladi. Yaqindagina Ozarbayjon bilan chegarada arman qo‘riqchilari halok bo‘ldi. Men ham siz bilan ushbu vaziyatni muhokama qilmoqchiman", degan u.
Germaniya kansleri Olaf Shols esa Baku va Yerevan o‘rtasidagi muzokaralarni tezroq yakunlash tarafdori ekanini va ularning kelishmovchiliklarini tinch yo‘l bilan hal etish istagini hurmat qilishini aytgan.
"Kansler har ikki tomonning hozirgi fikrlardagi kelishmovchiliklarni hal qilish va muammolarni faqat tinch yo‘l bilan va zo‘ravonliksiz hal qilish haqidagi bugungi va’dasini yuqori baholadi", deyiladi Germaniya Vazirlar Mahkamasi xabarida.
Muhokama jarayonida suratga olingan video lavhalarga ko‘ra, uchrashuvda ikki davlat Tashqi ishlar vazirlari – Ararat Mirzoyan va Jayhun Bayramov, shuningdek, Hikmat Hojiyev (Aliyevning yordamchisi) va Viktor Yengibaryan (Armanistonning Germaniyadagi elchisi) ham ishtirok etgan.
Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvida har ikki davlat Tashqi ishlar vazirlariga tez orada yana uchrashib, tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish topshirilgan.
Shu bilan birga, chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha komissiyalar muzokaralarini davom ettirish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 30 avgust kuni Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilib, Baku va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayonini muhokama qilgan edi.