Mirziyoyevning Rossiyaga safari bekor qilindi. Bu Pompeoning tashrifi bilan bog‘liqmi?
Jamiyat
−
04 fevral 2020
18560O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 5 fevralga mo‘ljallangan Rossiya Federatsiyasiga tashrifi bekor qilindi.
Ushbu tashrif haqida ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sodiq Safoyev o‘tgan yilning oktyabr oyida xabar bergan edi. Rossiya parlamenti raisi Valentina Matviyenko mazkur ma’lumotni tasdiqlab, O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish tarafdori ekanini ochiqlagan edi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ilhom Ne’matov esa RIA Novostiga bergan intervyusida tashrif 5 fevralga rejalashtirilganini aytgan edi.
Biroq, tashrif amalga oshirilmaydi. Hozircha rasmiy Toshkent va Moskva buni e’lon qilganicha yo‘q. Xorijiy OAVning qayd etishicha, tashrif joriy yilning yoz oylariga ko‘chirilishi mumkin. Ya’ni mamlakat rahbarlarining uchrashuvi katta ehtimol bilan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining Sankt-Peterburgda o‘tadigan sammiti doirasida o‘tkazilishi mumkin.
Tashrifning qoldirilishi Yevro Osiyo iqtisodiy ittifoqi bo‘yicha kelishuvlar ham kechiktirilishi bilan bog‘liqligi aytilmoqda. Aytishlaricha Belarus va Rossiya o‘rtasidagi konfliktdan so‘ng O‘zbekiston tomoni ittifoqqa a’zolik masalalarining hal qiluvchi bosqichini kechiktirishni maqul topgan.
O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi jadal suratlar bilan davom etayotgan edi. Saylovlar davrida mamlakatning ko‘plab rasmiylari YeOIIga qo‘shilishni yoqlab chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan murojaatida bu haqda shunday degan edi:
“Import va eksportimiz Qozog‘iston va Rossiyaning tranzit yo‘llari orqali o‘tadi. Qolaversa, aholimizning ko‘p qismi Rossiya va Qozog‘istonda ishlamoqda. Shularni inobatga olib, YeOIIga a’zolik masalasini ko‘rib chiqyapmiz”.
Prezidentning qayd etishicha, YeOIIga a’zolik masalasida xalqning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish irodasiga tayaniladi. Shuning uchun deputat va senatorlar ushbu masalani atroflicha muhokama qilib, har bir masala bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmalariga olgan holda asoslangan xulosalarni aytishi kerak.
“Deputatlar nima desa, shu bo‘ladi. Qo‘lga qalam olib hisob-kitob qilinglar. Men aytgan masalalarni ham albatta, inobatga olish shart”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
AQSH savdo kotibi Uilbur Ross esa O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishini izohlarkan, bu mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini murakkablashtirishi mumkinligini aytgan.
Kecha, 3 fevral kuni AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonga tashrif buyurib, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi va AQSH O‘zbekistonni do‘sti deb bilishi, uni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi va Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqayotganini aytgandi.
LiveBarchasi