Mirziyoyevning 6 yillik orzusi bo‘yicha amaliy ish boshlandi

Jamiyat

image

Bugun, 18 iyul kuni Afg‘oniston hududida “Termiz-Peshovar” temir yo‘l aloqasini o‘rnatish bo‘yicha O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘onistonning qo‘shma loyihasining yo‘nalishi hamda texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash bo‘yicha ekspeditsiya ishlari boshlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” transafg‘on temir yo‘li loyihasining taxminiy qiymati 5 milliard dollarni tashkil etadi. Uzunligi 600 km bo‘lgan temir yo‘l Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning yirik dengiz portlariga chiqish yo‘lini ochadi.

Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish 35 emas, 3-5 kun davom etishi, bitta standart yuk konteynerini tashish narxi qariyb uch barobarga arzonlashishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalish bo‘yicha yuk tashish hajmi 10 million tonnaga yetishi mumkin.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev bu temir yo‘l mintaqalar qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuborishini aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil boshida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston yangi transport yo‘lagi: Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagan edi. 

U Yevropa Ittifoqini, Rossiyani Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan bog‘lashi kerak.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelgan birinchi kunlardanoq Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, shu orqali Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar temir yo‘l liniyasini qurish va uni ishga tushirishga intilib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident transafg'on temir yo'li

Baholaganlar

960

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing