Mirziyoyev Jahon banki guruhi prezidenti bilan uchrashdi
Jamiyat
−
21 Sentabr 2023
360620 sentyabr kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston bilan Jahon banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirishning asosiy jihatlari ko‘rib chiqilgan.
Mirziyoyev suhbat avvalida Ajay Bangani Jahon banki guruhi prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabriklagan hamda uning rahbarligida bank mamlakatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga faol ko‘maklashishiga ishonch bildirgan.
Ular uchrashuv davomida quyidagi strategik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilgan.
- xususiylashtirish va samarali davlat boshqaruvi sohalarida bankning ekspertlik va texnik ko‘magini kengaytirish;
- karbonsizlashtirish;
- muqobil energetika;
- infratuzilma va kommunikatsiyalar;
- suv ta’minoti bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirish va ularga xususiy investitsiyalar, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida mablag‘ jalb qilish;
- Transafg‘on temir yo‘lini qurish.
Shuningdek, bankning dunyo biznesi yetakchi vakillaridan iborat Maslahat kengashi O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etishi to‘g‘risida kelishuvga erishilgan. O‘z navbatida, Ajay Banga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini yuqori baholab, o‘zaro manfaatli sheriklikni bundan buyon ham davom ettirishga tayyorligini bildirgan.
Aytish joiz, O‘zbekiston Jahon bankining eng yirik hamkor-benefitsiarlaridan biri hisoblanadi, so‘nggi olti yilda qo‘shma loyihalar portfeli besh barobardan ziyodga kengaydi. 2026 yilga qadar mo‘ljallangan va jami 4 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamkorlik dasturi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining barcha ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Futbol assosiatsiyalari xalqaro federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Shuningdek, Prezident “Boston Consulting Group” kompaniyasi raisi Rich Lesserni ham qabul qilgandi.
Akobir Sayidov