Mirziyoyev yozda Qozog‘istonga boradi

Jamiyat

image

Shu yilning avgust oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan boradi. U Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisida ishtirok etadi. Bu haqda Qozog‘iston Majlisining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Oygul Kuspan “Kazinform”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.  

Kuspan  so‘nggi besh yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik ancha faollashganini qayd etdi. Uning aytishicha, ikki mamlakat Prezidentlari deyarli har yili uchrashib, har safar juda muhim kelishuvlarga erishadi. Muhim hujjatlardan biri esa “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida”gi shartnoma hisoblanadi. Bu hujjat O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida Oliy davlatlararo kengashni tashkil etishni nazarda tutadi.

“Kengashning birinchi yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi doirasida joriy yilning 8 avgust kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan”, deydi Oygul Kuspan.

Bitim Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan 2022 yil dekabr oyida Toshkentda imzolangan. Bu ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning eng yuqori darajasidir.

Hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning barcha yo‘nalishlari – o‘zaro tovar ayirboshlash, sarmoya kiritish, sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, qurilish, tranzit salohiyati va transport logistikasi kabi sohalardagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan.

Bundan tashqari, kelishuvga ko‘ra, tomonlar qurolli hujum xavfi vujudga kelayotgan vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha zudlik bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishga va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etishda har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini bildirgan. 

“Esingizda bo‘lsa, 2022 yilda qirg‘iz-tojik chegarasida ikki davlat harbiy xizmatchilari o‘rtasida nizo kelib chiqqan, odamlar halok bo‘lgan edi. Bunday vaziyatlarda Qozog‘iston va O‘zbekiston zudlik bilan maslahatlashib, tinchlikni tiklashga qanday yordam berish haqida kelishib oladi. Bundan tashqari, kelishuv tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etishda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi”, deydi Kuspan.

Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev mazkur hujjatni ratifikatsiya qilish haqidagi farmonni o‘tgan yilning noyabr oyida imzolagan edi. Qozog‘iston tomoni ham tez orada uni ratifikatsiya qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Ostona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing