Mirziyoyev yangi avtobuslarda yurib ko‘rdi 

Jamiyat

image

Bugun, 26 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 7-avtobus saroyini borib ko‘rdi.

Aytilishicha, Prezident avtobusga o‘tirib, oddiy yo‘lovchilar bilan birga yo‘nalish bo‘ylab yurib ko‘rgan.

U o‘tgan yil 13 dekabr kuni poytaxtdagi 18-avtobus saroyida bo‘lib, jamoat transporti tizimidagi ahvolni o‘zi ko‘rgan va yangi avtobuslar olib kelish hamda yo‘lovchilarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Shundan kelib chiqib, joriy yil 16 fevralda Prezidentning “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Bu galgi tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev sohadagi vazifalar ijrosi bilan tanishgan.

Ta’kidlanishicha, shu yilning aprel-may oylarida Toshkent shahriga 755 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, yo‘lovchilari eng ko‘p yo‘nalishlarga qo‘yilgan. Natijada avtobuslarning kunlik soni 1 ming 400 taga yetgan, 9 ta qo‘shimcha yo‘nalish ochilgan. Yaqin kunlarda yana 245 ta avtobus keltirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 7-avtobus saroyi shu paytgacha 18 ta yo‘nalishda kuniga 90 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib kelgan. Yaqinda uning parkiga 67 ta yangi transport qo‘shilgan.

Shuningdek, mutasaddilar Prezidentga Toshkent shahrining yangilangan Transport bosh rejasi bo‘yicha ham axborot bergan. Qayd etilishicha, reja shaharning kengayishi va yo‘lovchilar oqimi tahlili asosida, 167 ta yo‘nalishdan iborat tarzda ishlab chiqilgan. Shundan 17 tasida kunlik reja belgilash tartibi bekor qilinib, bosib o‘tilgan masofaga qarab hisob-kitob tizimiga o‘tilgan. Iyun-iyul oylarida qolgan 150 ta yo‘nalish ham tender savdolari orqali shunday tizimga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Bundan tashqari, Transport universiteti va boshqa o‘quv markazlarida haydovchilikka o‘qitish hamda qayta tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Avtobus haydovchilarining oylik maoshlari ikki barobar oshirilib, yil boshidan beri mingdan ziyod haydovchi ishga qabul qilingan.

Shavkat Mirziyoyev avtobuslarga sifatli servisni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidlagan. Yo‘lkira to‘lovi tizimini tartibga solish, harakat nazoratini raqamlashtirish, bekatlarda sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

“Yangi avtobuslar, albatta, xalqimizga qo‘shimcha sharoit yaratdi. Endigi vazifa yo‘llarda tirbandlikni kamaytirib, avtobuslarning erkin harakatini ta’minlash. Pirovard maqsad – Toshkentda jamoat transporti qamrovini 2 million yo‘lovchiga yetkazish”, degan Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekiston avtobus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing