Mirziyoyev O‘zbekistonga nisbatan bosimlar haqida gapirdi

Jamiyat

image

Dunyodagi qudratli davlatlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z ochdi. 

Davlat rahbari so‘zi avvalida bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari misli ko‘rilmagan darajada shiddatli tus olayotgani, ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz berayotganiga e’tibor qaratgan. 

“Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz”, deydi davlat rahbari.

Mirziyoyev aynan qanday bosimlarni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan. 

“Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. 

Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish albatta oson bo‘lmayapti”, deydi Prezident so‘zida davom etib. 

U O‘zbekiston dunyodagi uzoq-yaqin barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotganini alohida urg‘ulagan. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgani xabar qilingandi. Bu O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonlik faollar va deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini e’lon qildi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatdi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berib, Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytdi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa Prilepinning bunday harakati na O‘zbekiston, na Rossiya qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligini eslatdi. Yana bir  deputat Umida Rahmonova esa bir davlatning suverenitet huquqini boshqa davlatlarga nisbatan buzishni g‘irt ikkiyuzlamachilik deb atadi.

Jamoatchilik orasidagi noroziliklardan so‘ng, Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov bugun, 21 dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Uchrashuvda Rossiya vakiliga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarurligi haqidagi taklifi Toshkentda chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qat’iy tarzda yetkazilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Zaxar Prilepinning O‘zbekistonni bosib olish haqidagi tajovuzkor gaplariga munosabat bildirib, bu Prilepin shaxsiy fikri ekanini, Moskva bilan bog‘liqlik joyi yo‘qligini aytdi


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing