Mirziyoyev O‘zbekiston kim tomonda ekanini aytdi (video)
Jamiyat
−
13 mart 2023
49060Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda davlat rahbari turli davlatlarning O‘zbekiston pozitsiyasi bo‘yicha savoliga javobini bildirdi. Ushbu savol javobi aks etgan videoni Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram sahifasiga joyladi.
“Katta-katta davlatlarning vakillari kelib “O‘zbekiston sen kim tomondasan? Neytral bo‘lib yurishing bo‘ldi endi. Yo u tomonga o‘t, yo bu tomonga”, deb da’vat qilyapti. “Bizga kerak O‘rta Osiyoda O‘zbekiston, 36 mln bo‘ldi, 3-4 yilda 40 mln bo‘ladi, katta davlat bo‘ladi, kim tomonsan”, deyapti”, degan Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyoyev bunday savolga javob bittaligini ta’kidladi:
“Savolga javob bitta: bir tomonman! Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimni manfaati uchun o‘lishga ham tayyorman deb javob beraman!”
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 mart kuni Chimkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayevning norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. O‘zbekiston tomoni bergan rasmiy axborotga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Shuningdek, joriy yilning 6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tgandi. Unda davlat rahbarlari mintaqaviy sheriklik masalalarini ko‘rib chiqqani aytilgan edi.
Mahalliy va xorijiy matbuotda ushbu uchrashuv AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning 28 fevral – 1 mart kunlari Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurib, Prezidentlar To‘qayev va Mirziyoyev bilan muloqot qilganidan keyin o‘tkazilgani e’tibor qozondi.
Quyida QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida Entoni Blinkenning Markaziy Osiyo davlatlariga tashrifi haqida maxsus ko‘rsatuvni tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi