Mirziyoyev o‘lim jazosini tiklash taklifiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
20 iyun 2022
23346O‘zbekiston Konstitutsiyasiga "o‘lim jazosi taqiqlanadi" degan norma kiritilishi mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda shunday taklif bilan chiqdi.
“Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, insonning qadr-qimmati avvalo uning tabiiy yashash huquqida namoyon bo‘ladi. Bu – eng ulug‘ va muqaddas qadriyatlarimizdan biridir.
Ma’lumki, biz o‘lim jazosi tayinlanadigan jinoyatlar sonini bosqichma-bosqich kamaytirib, bu jazoni to‘liq bekor qildik”, deydi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev mavjud qonunlarga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surilayotganiga munosabat bildirib, shunday dedi:
“Demokratik va insonparvar g‘oyalarni oliy qadriyat darajasiga ko‘targan dunyodagi aksariyat davlatlarda o‘lim jazosi bekor qilingan.
Chunki yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan.
Agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman.
Shu tariqa, biz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligimizni, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanimizni butun dunyoga yaqqol namoyon qilamiz”.
Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha yo‘llangan takliflardan birida ayolni o‘ldirgan har qanday shaxsni o‘lim jazosiga hukm qilish taklif etilgandi.