Mirziyoyev Turkmanistonga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
10 Oktabr
2919O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan bugun, 10 oktyabr kuni amaliy tashrif bilan Ashxobod shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Mirziyoyev ertaga, 11 oktyabr kuni turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, ertaga, 11 oktyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodda atoqli turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Zamonlar va sivilizatsiyalar o‘zaro aloqasi – tinchlik va taraqqiyot asosi” xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. Anjumanda 10 dan ortiq davlat Prezidentlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TYURKSOY), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti va UNESCO rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari ham ishtirok etishini ma’lum qilingandi. Shuningdek, mazkur tadbir doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashib, Yaqin Sharqdagi keskin yomonlashgan vaziyatni muhokama qilishi xabar qilingandi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 10 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Turkmanistonga bordi.
LiveBarchasi