Mirziyoyev Turkmanistonda Toshkent sammitiga tayyorgarlikka doir maxsus tadbirda qatnashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirda ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qosimaliyev,  Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, shuningdek, rasmiy delegatsiyalar a’zolari va jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xususan, yil boshida Raislik konsepsiyasi va Qo‘shma tadbirlar rejasi qabul qilindi.

Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi va ekologiya vazirlarining uchrashuvlari, media va yoshlar forumlari o‘tkazildi. Yil yakuniga qadar parlamentlararo forum, mudofaa, savdo va transport vazirlarining uchrashuvlari, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va uning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida uchrashuvning konseptual hujjatlari tayyorlanmoqda.

Toshkent sammiti doirasida O‘zbekiston tomoni siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiyaning yangi drayverlarini ishga tushirish, chegaraoldi savdoni ko‘paytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekani ta’kidlandi. Suv va energetika sohalarida, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Shuningdek, Ozarbayjon tomonining uchrashuvlarda ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda mintaqa davlatlari Ozarbayjon bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Savdo, transport, "yashil" energetika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlari mintaqada taraqqiyot va farovonlik maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev kecha, 4 avgust kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga yetib borgandi. Turkmanboshi shahri aeroportida davlat rahbarini Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kutib oldi. Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi

Bugun, 5 avgust kuni Turkmanistonning Turkmanboshi shahridagi Avaza kurort zonasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiya qatnashchilarini qutlash marosimi bo‘lib o‘tdi. BMT konferensiyasida tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ishtirok etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing