Mirziyoyev Sergelidagi portlash bo‘yicha topshiriq berdi. Muddat uch kun
Jamiyat
−
28 Sentabr 2023
22781O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Sergelida yuz bergan favqulodda holat sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi
Farmoyish bilan Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida 16 kishidan iborat Hukumat komissiyasi tuzilgan.
Komissiya zimmasiga uch kun muddatda omborxonada yuz bergan favqulodda holat sabablarini o‘rganish, ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish va jabrlanganlarga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatilgan.
Bundan tashqari, komissiyaga favqulodda holat oqibatida zarar yetkazilgan har bir uy-joyni, jumladan, aholi xonadonlari, ko‘p qavatli uy-joylarning fasad qismlari, deraza va romlari hamda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan boshqa bino va inshootlarga yetkazilgan zararlarni bartaraf etish bo‘yicha moddiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi omborxonada kuchli portlash sodir bo‘lgandi. Tungi soat 02:43 da FVBga yong‘in xakida ma’lumot tushgan. Oradan 5 daqiqa o‘tib yong‘in-qutqaruv ekipaji hududga yetib borgan. Portlash oqibatida yaqin atrofdagi xonadonlar, savdo markazlari va “Quruvchilar” metro bekatiga shikast yetdi. 2006 yilda tug‘ilgan 11 sinf o‘quvchisi voqea joyida vafot etgan.
SSV portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etayotgani, Shundan jami 24 nafari shifoxonaga yotqizilgani, qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi bo‘lgani uchun ularga uyiga javob berilganini ma’lum qildi. Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi "a” va ”b" bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi