Mirziyoyev Rahmonni g‘alaba bilan tabrikladi

Jamiyat

image

Bugun, 12 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Shavkat Mirziyoyev Tojikiston yetakchisini kuni kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabriklab, unga birodar tojik halqi farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, Hukumatlararo komissiya qarorlarini bajarish hamda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar uchun yangi kun tartibini ishlab chiqish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Prezidentlar Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi davlat rahbarlarining Qirg‘iz Respublikasidagi vaziyat yuzasidan qo‘shma bayonoti qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muloqot so‘ngida ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga ikkala tomonning ham intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.

Avvalroq, Imomali Rahmon kecha, 11 oktyabr kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovida 90,92 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-Tojikiston Imomali Rahmon

Baholaganlar

173

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing