Mirziyoyev Rahmon bilan tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatni muhokama qildi
Jamiyat
−
30 aprel 2021
7099O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 aprel kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbarlari Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasidagi vaziyatning rivojlanishini muhokama qilgan.
O‘zbekiston Prezidenti yuzaga kelgan vaziyatni tez fursatda hal qilish va uning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlari erishgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlagan.
“Mavjud barcha masalalar do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlari ruhida, faqat muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qilinish muhim ekani ta’kidlandi.
Tojikistonga bo‘lajak oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlikning borishi ham ko‘rib chiqildi. Mamlakatlarimiz bosh vazirlari o‘tgan hafta Xo‘jand shahrida o‘tkazgan amaliy uchrashuvning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni birgalikda aniqlash muhimligi alohida ta’kidlangan.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Joriy yilning 17 aprel kuni Tojikiston va Qirg‘izistonning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida janjal yuz berdi. Bunga Qirg‘iziston tomoni Tojikiston bilan kelishmasdan ikki davlat uchun umumiy bo‘lgan asosiy suv taqsimlash inshooti oldida ko‘prik qurish harkatini boshlagani sabab bo‘ldi.
Joriy yilning 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Tojikiston bilan chegara hududida qirg‘iz va tojik fuqarolari o‘rtasida yana ziddiyat kelib chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, mojaro tojik tomonining Oqsoy ovuli Ko‘k-Tosh qishlog‘idagi ustunlarga videokuzatuv kameralarini o‘rnatishga qaror qilganidan keyin boshlangan.
Keyinchalik, Qirg‘iziston Tojikistonni chegaradagi vaziyatni keskinlashtirayotganlikda aybladi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Muzaffar Husaynzoda qirg‘izistonlik diplomatga Qirg‘iziston Chegara xizmati vakillarining mamlakatning voyaga etmagan ikki fuqarosiga nisbatan qo‘llagan noqonuniy xatti-harakatlari munosabati bilan nota topshirdi.
29 aprel kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida, Botken viloyati Ko‘k-tosh qishlog‘idagi “Golovnoy” suv taqsimlash punkti atrofida mahalliy vaqt bilan taxminan soat 14:00 da otishma boshlandi.
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 29 aprel kuni Qirg‘iziston hukumati a’zolari bilan Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismidagi vaziyat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazdi.
O‘zbekiston chegaradagi mojaroga munosabat bildirib, tomonlarni to‘qnashuvlarni darhol tugatish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ziddiyatlarning yanada oshishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirdi.
Qirg‘iziston esa Tojikiston bilan qurolli to‘qnashuvlar boshlangan chegara hududiga qo‘shimcha harbiy bo‘linmalarni yuborishni boshladi.
Ro‘y bergan hodisalar munosabati bilan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Qozoqboyev va Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin hamda boshqa vakillar ishtirokida muzokara o‘tkazildi. Unda tomonlar mahalliy vaqt bilan soat 20:00dan (Toshkent vaqti bilan soat 21:00) o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy kuchlarni avvalgi joylariga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Keyinchalik, tomonlar shoshilinch choralar ko‘rish uchun ishchi guruh tuzishi haqida xabar berildi.
LiveBarchasi