Mirziyoyev mutasaddilarga to‘qimachilik uskunalarini mahalliylashtirishni buyurdi

Jamiyat

image

Bugun, 9 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Milan shahrida o‘tayotgan “ITMA 2023” to‘qimachilik mashinasozligi xalqaro ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Prezident Mirziyoyevga Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana va ko‘rgazma tashkilotchisi – “Sematex” agentligi rahbari Ernesto Maurer hamrohlik qilgan.

O‘zbekiston rahbari yigirish va to‘qish uskunalarini ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi bo‘lgan “ITEMA” (Italiya), “Stäubli Group” (Shveysariya), “Picanol”, “Vandewiele” (Belgiya) va boshqa kompaniyalarning stendlarini ko‘zdan kechirgan.

Tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev kompaniyalar rahbarlari bilan muloqot qilgan, yangi texnologik yechimlarning taqdimotlari bilan tanishgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda to‘qimachilikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, to‘quv uskunalari va ularning ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, kompaniyalarning vakolatxonalari va dastgohlarga xizmat ko‘rsatish markazlarini ochish, texnologlarni tayyorlash dasturini ishlab chiqish, fan va zamonaviy texnologiyalar borasida hamkorlik o‘rnatish va boshqa tashabbuslar muhokama qilingan.

Prezident robototexnika va sun’iy intellektdan foydalangan holda yangi, talab yuqori bo‘lgan “super-materiallar” yaratish maqsadida O‘zbekistonda matoga ishlov berish uchun eng zamonaviy uskunalar va innovatsion yechimlarni joriy qilish istiqbolli ekanini qayd etgan.

Tanishuv yakunida mutasaddi rahbarlarga O‘zbekistonda uskunalarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarini relokatsiya qilish va o‘quv dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish topshirilgan.

Ma’lumot uchun, “ITMA 2023” – har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan to‘qimachilik va tikuvchilik texnologiyalariga bag‘ishlangan dunyodagi eng yirik ko‘rgazma sanaladi. Oxirgi ko‘rgazma 2019 yilda Barselona shahrida o‘tgan. Joriy yilda 20 gektar maydonni egallagan ko‘rgazmada 47 mamlakatdan 1 700 ishtirokchi hamda turli davlatlardan 100 ming nafarga yaqin mehmon ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Rimda Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vazir Jorjia Мелонилар bilan ham uchrashib, muzokaralar olib borgandi. Bugun, 9 iyun kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Milan shahrida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bundan tashqari, shu yerda italiyalik investorlari va yirik biznes vakillari bilan uchrashuv bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Milan Italiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing