Mirziyoyev Qozog‘iston xalqi va Prezidentiga ta’ziya yo‘lladi

Jamiyat

image

Bugun, 10 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston xalqi va Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktubida qardosh Qozog‘iston hududidagi fojiali voqealar va ularning natijasida ko‘plab harbiylar va aholi vakillari nobud bo‘lgani hamda og‘ir jarohatlar olgani, ko‘rilgan katta talofatlar munosabati bilan Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga va do‘st Qozog‘iston xalqiga chuqur ta’ziya izhor etilgan. 

“Davlatimiz rahbari Vatan osoyishtaligi va mamlakat xalqining himoyasi yo‘lida qurbon bo‘lgan fidoyi farzandlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tez fursatlarda shifo topishlarini tilagan”, deyiladi xabarda.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

5 yanvar kuni, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

203

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing